Skip to main content

Dual ta’lim tizimi amalda: SIUT birinchi bosqich talabalari malakaviy amaliyot o‘tadilar

Bugungi kunda boshqa jabhalarda bo‘lgani kabi mamlakatimizda muhandis kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj o‘tgan davrga nisbatan bir necha barobarga oshganligi taʼlim jarayonlariga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish orqali xalqaro darajadagi mahalliy muhandislarni tayyorlash zaruratini keltirib chiqarmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning joriy yil 25-maydagi “Oliy taʼlim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmonida oliy taʼlim muassasalarida kadrlar tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmalarini joylashtirishning yangi tartibi belgilangan. Yangi Farmonning birinchi bandiga muvofiq davlat buyurtmasi bo‘yicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik berilishi qayd etilgan.

“Iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish uchun bizga yuqori malakali muhandis-texnologlar suv bilan havodek zarur” — Sh.M. Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti.

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti faoliyatining asosiy va muhim jihatini ayni shu masalalarni hal etishga qaratgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

SIUTning butun o‘quv dasturi 2022-2032-yillarga mo‘ljallangan istiqbolli reja (Master plan) asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, u tog‘-kon, geologiya va neft-gaz muhandisligi bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biri “Colorado School of Mines”– AQShning Kolorado konchilik maktabi Davlat ilmiy-tadqiqot universiteti bilan hamkorlikda tayyorlangan. SIUTning o‘quv jarayonlari dual ta’lim tizimiga asoslangan bo‘lib, talabalar birinchi kursdanoq O‘zbekistondagi yirik neft-gaz kompaniyalari (Eriell Guruhi, Enter Engineering, Sanoat Energetika Guruhi) obyektlarida ishlab chiqarish amaliyotlariga jalb etilgan. Ma’lumki, har qanday nazariya amaliyot bilan mustahkamlanishi kerak, ayniqsa muhandislik sohasida. Zero, malakaviy amaliyot bo‘lajak muhandislar uchun kadrlar tayyorlash tizimining ajralmas qismi bo‘lib, u bo‘lgusi muhandislarda kasbiy mahoratni shakllantirish va uni yanada rivojlantirishda asosiy omil vazifasini o‘taydi. Shu boisdan SIUTda talabalar xorijlik professorlar, mutaxassislar, yuqori darajadagi trenerlar jamoasidan ta’lim olish bilan bir qatorda, universitet Vasiylik Kengashining noyob ishlab chiqarish bazasidagi jahon andozalari darajasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarda o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash imkoniyatiga ham ega bo‘lishmoqda.

prac3

Joriy yilning 21-mayidan 20-iyunigacha SIUTda tahsil olayotgan 1-bosqich talabalari uchun ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etildi. Amaldagi o‘quv rejaga asosan, dars jarayonidan ajralgan holda, muhandislik va energetika (School of Engineering, CIEP, KITCdagi “Qayta tiklanadigan energetika”) yo‘nalishlari talabalari malakaviy amaliyotni o‘tash uchun amaliyot rahbari Elbek Amirxanov boshchiligida Qarshi shahrida joylashgan “Eriell Prof Education” o‘quv markazi, “Samarkandkimyo” zavodi, “Xishrav GES 2-B” gidroelektr stansiyasi, Cho‘ponota quyosh elektr stansiyasida; “Xalqaro logistika” yo‘nalishi talabalari – “Prime Samarkand” logistik kompaniyasida; “Tadbirkorlik va menejment” yo‘nalishi talabalari – universitet qoshidagi WIN markazida tashkil qilinadigan MAP treyning kurslari, “EasyBooking” kompaniyasi, “Orient-Star” va “Grand Samarkand Superior” mehmonxonalari, “Silk Roads Destinations – C.A.T.I.A.” turistik agentligi; “Axborot texnologiyalari” talabalari – “Uztelecom” AJ, “SamIT Global” kompaniyasida;  “Dizayn” ta’lim yo‘nalishi talabalari esa universitet qoshidagi Media Markazida amaliyot o‘tadilar.

prac5

prac4

prac1

prac6

prac2

Amaliyotda jami 192 nafar SIUT talabalari, shuningdek, AQShdan tashrif buyurgan Colorado School of Mines 4 nafar talabalari ham ishtirok etdilar.

“Ishlab chiqarish amaliyoti talabalarimizni kelajakda o‘z kasbining yetuk mutaxassislari bo‘lishlari hamda ularni ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi. Amaliyot – bugungi kundagi yuqori malakali muhandislarni tayyorlash jarayonining ajralmas qismidir» — dedi SIUT amaliyot rahbari Elbek Amirxanov.

Biz ham o‘z o‘rnida amaliyot jarayonlarini bevosita ishtirokchilari bo‘lgan talabalarining fiklari bilan qiziqdik:

“Bu juda zo‘r bilim tajribasi bo‘ldi”, – deydi “Geologiya muhandisligi” talabalasi Vazirabonu Abdurasulova, – “biz burg‘ilash jarayoni va uskunaning qanday ishlashi haqidagi ko‘plab yangi bilimlarni bilib oldik, burg‘ilash qurilmasining butun konstruksiyasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik”.

“SIUT talabasi bo‘lgunimga qadar dizayn sohasida juda tor tushunchaga ega edim, bir yil mobaynida sohaning sir asrorlarini xorijlik professorlardan o‘rgandik va bilimlarimizni amaliyotda sinab ko‘rdik. Ishonchim komilki, to‘rt yil davomida egallagan bilim va ko‘nikmalarimiz kelajakdagi ish faoliyatimizda qo‘l keladi,” – dedi KITC “Dizayn” yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Diyor Mustafoyev.

Bunday malakaviy amaliyot dasturlari talabalarning nafaqat amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga, balki kelajakda, to‘rt yillik ta’limni tugatgandan so‘ng, ushbu tashkilotlar jamoasining bir qismi bo‘lishga imkon beradi.