Skip to main content

O‘zbekiston – Janubiy Koreya: zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarga asoslangan hamkorlikning yangi davri

2024-yil 13-15-iyun kunlari Toshkent va Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi prezidentlarining sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi do‘stona va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

1

3

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Koreya Respublikasi Prezidenti Yoon Suk Yeol o‘rtasidagi muzokaralar jarayonida O‘zbekistonda yuqori texnologiyali markazni (texnohab) yaratish yuzasidan uch yillik strategik dasturni qabul qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Texnohabni yaratishda ustuvor yo‘nalishlar ham belgilangan bo‘lib, ular qatorida: avtomobilsozlikni rivojlantirish; O‘zbekistonda O‘rta Osiyo tarixidagi ilk yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarish klasterini yaratish; “aqlli” qishloq xo‘jaligini joriy etish; ijtimoiy infratuzilmalarni modernizatsiya qilish; “yashil” energetika sohasidagi ilg‘or loyihalarni amalga oshirish va boshqa dolzarb yo‘nalishlar ham qamrab olinganligini ta’kidlash o‘rinli.

Sammit doirasida 20 dan ortiq hamkorlik shartnomasi imzolandi. Jumladan, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) va Sonnam sanoat kompleksi korporatsiyasi (Seong Nam Industrial Complex Corporation) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi ham imzolandi. Memorandum quyidagi imkoniyatlarni o‘z ichiga oladi:

  • akademik almashinuv dasturlari: SIUT talabalari va professor-o‘qituvchilari davlatlararo xalqaro almashinuvlarda ishtirok etishlari mumkin;
  • o‘quv dasturlarini takomillashtirish: SIUT o‘quv jarayoniga Koreyaning eng so‘nggi texnologiyalari va ilg‘or tajribasini tatbiq etish;
  • amaliyot, stajirovka va ish bilan ta’minlash: SIUT talabalariga 3600 dan ziyod korxonalarni o‘zida jamlagan Sonnam sanoat kompleksi korporatsiyasida amaliyot o‘tash, stajirovka va kelgusida doimiy ish bilan ta’minlanish imkoniyatini taqdim etish.

4

Sonnam sanoat kompleksi Koreya Respublikasi Gyeonggi provintsiyasining to‘rtinchi eng katta shahri – Sonnamda joylashgan. Sonnam – millionga yaqin aholiga ega bo‘lgan, Seulning yo‘ldosh shahri bo‘lib, Koreya Respublikasining “Kremniy vodiysi” sifatida sanaladi. Bu yerda mamlakatning koʻplab yirik korporatsiyalari joylashgan.

SIUT tarkibidagi Koreya texnologiyalari va madaniyati instituti (KITC) negizida Sonnam sanoat kompleksi korporatsiyasi bilan hamkorlik amalga oshiriladi. KITCda talabalar eng talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar: qayta tiklanadigan energetika, dizayn va raqamli iqtisodiyot sohasida tahsil olmoqdalar. O‘quv jarayonlariga koreyalik professor-o‘qituvchilar jalb etilgan.

“SIUT tarkibida Koreya texnologiyalari va madaniyati institutining yaratilishi O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi barqaror rishtalar, ikki tomonlama munosabatlarning dalilidir. Universitet tarkibida KITC ni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ta’lim va texnologiyalarni rivojlantirish, shu bilan birga, o‘zbek-koreys xalqlarining mushtarak va jozibali madaniyatini namoyish etish hamda o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash muhitini shakllantirishdan iborat”, - deydi KITC dekani professor Sungdon Hwang.

Shuni ta’kidlash lozimki, SIUT va Sonnam sanoat kompleksi korporatsiyasi sherikligining asosiy maqsadi ta’lim va ilmiy-tadqiqot imkoniyatlarini kengaytirish shuningdek, Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashishdir. Ushbu sheriklik SIUTning texnologik ta’lim va innovatsiyalar sohasida mamlakatdagi zamonaviy oliy ta’lim muassasasiga aylanishga oid asosiy maqsadlariga hamohangdir.

SIUT Koreya Respublikasidagi Hankuk University of Foreign Studies, Catholic Kwandong University, Gimcheon High School, Korean Society for New and Renewable Energy, Korean Society of Management and Information Systems, Research Institute of Clean Energy at Sungkyunkwan University in Korea, Korean Institute of Electrical and Electronic Material Engineers, Institute of Asian Culture and Development va boshqa ko‘plab hamkorlar bilan o‘zaro anglashuv memorandumlarga va hamkorlik bitimlariga ega.

Avvalroq ma’lum qilganimizdek, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tomonidan Samarqand viloyatining kam ta’minlangan oilalaridan bo‘lgan iqtidorli maktab o‘quvchilarini test sinovlaridan o‘tkazish va Koreya Respublikasidagi Gimcheon o‘rta maktabiga tayyorlash bo‘yicha ijtimoiy loyiha yo‘lga qo‘yildi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “«O‘zbekiston-2030» strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-158-sonli farmonida qabul qilingan kambag‘allikni qisqartirish davlat dasturiga muvofiq amalga oshirilmoqda. Testdan saralangan besh nafar iqtidorli maktab o‘quvchilari SIUTda koreys, ingliz tillari va matematikadan 6 oylik tayyorlov kurslaridan bepul o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Tayyorlov kurslari SIUT Vasiylik Kengashi raisi B.Sh.Fazilov tomonidan ajratilgan grant asosida tashkil etiladi. Tayyorlov kurslarini yakunlab, SIUT Gimcheon o‘rta maktabiga faqat uch nafar eng yaxshi o‘quvchini tavsiya qiladi.

Shunday qilib, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ta’lim va texnologiya sohasidagi tashabbuslar inson kapitalini rivojlantirish va innovatsion taraqqiyotni jadallashtirish maqsadida uzoq muddatli va keng qamrovli sheriklikka intilishni namoyon etadi.