Skip to main content

Samarqanddagi kam ta’minlangan oilalar farzandlari Koreya Respublikasida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi

Joriy yilning 12-iyun kuni SIUTda kam ta’minlangan oilalarning iqtidorli maktab o‘quvchilari uchun test sinovlari o‘tkazildi. Test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston – 2030 strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-158-son Farmoni bilan qabul qilingan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Davlat dasturiga muvofiq o‘tkazilmoqda. Strategiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri 2026-yilgacha yoshlarga talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarni o‘rgatish orqali kambag‘allik darajasini 2 barobarga kamaytirishdan iborat.

Strategiyani amalga oshirish maqsadida dunyoning turli xalqaro maktablari Oʻzbekistondagi oʻrta va yuqori sinf oʻquvchilariga xorijda oʻqish imkoniyatini yaratmoqdalar.

Koreya Respublikasida 1931-yilda tashkil etilgan “Gimcheon High School” maktabi davlatning taniqli oʻrta maktablardan biri boʻlib, u butun dunyo boʻylab zamonaviy malakali mutaxassislarni yetkazib beradi. Gimcheon oʻrta maktabi kambagʻalligi tufayli bilim olish salohiyati cheklangan Oʻzbekistonlik maktab oʻquvchilari uchun Koreya Respublikasida stipendiya olib oʻqish imkoniyatini taqdim etadigan gumanitar loyihani amalga oshirmoqda.

gimcheon 5

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti Samarqand viloyatida birinchilardan bo‘lib mazkur ijtimoiy loyihani amalga oshirish tashabbusi bilan chiqdi. Oliygoh tomonidan kam ta’minlangan oilalar yoshlariga ushbu grantni olish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Joriy yilning 13-may kuni Gimcheon o‘rta maktabi va SIUT o‘rtasida “2022-2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish Strategiyasi” doirasidagi ijtimoiy loyihani amalga oshirish boshlanishini belgilovchi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

gimcheon 1

gimcheon 2

Testlar Toshkent shahridagi M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent filiali psixologiya kafedrasi professori – B.R. Qodirovning uslublaridan foydalangan holda SIUT xorijlik professor-oʻqituvchilarining nazorati ostida oʻtkazildi.

Maktabdagi oʻzlashtirish koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda KITC qoʻmitasi a’zolari tomonidan roʻyxatga kiritilgan 4-5 oʻquvchi tanlab olinadi va ularga koreys tili, ingliz tili va matematika fanlaridan koʻp qirrali intensiv ta’lim beriladi. SIUT va KITCda tahsil olib, maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan barcha oʻquvchilar Gimcheon oʻrta maktabiga tavsiya etiladi, Gimcheon maktabiga esa ular orasidan oʻqish va oʻzlashtirish natijalariga asosan faqat uch nafari qabul qilinadi. Ular SIUT Vasiylik kengashi raisining maxsus granti evaziga – B.Sh. Fazilov 6 oy davomida Samarqand xalqaro texnologiya universitetida koreys, ingliz va matematika tillarini bepul o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Tanlab olingan uch nafar oʻquvchiga Gimcheon oʻrta maktabi tomonidan stipendiya beriladi, ularning oʻqishi, turar joyi, Koreya Respublikasiga sayohati (aviachiptasi), darsliklar bilan ta’minlanishi kafolatlanadi. Shuningdek, ularga Gimcheon o‘rta maktabini tugatganlariga qadar, uch yil davomida yashash xarajatlari uchun qo‘shimcha moliyaviy yordam ham koʻrsatiladi. Maktabni tamomlagan oʻquvchilarga diplom beriladi, mazkur diplomga asosan ular nafaqat Koreya Respublikasi va Oʻzbekistondagi, balki dunyodagi taraqqiy etgan davlatlarning oliy oʻquv yurtlarida oʻqish huquqini rasman qoʻlga kiritadilar. 

gimcheon 6

Ma’lumot uchun: Koreya Respublikasi ta’lim sifati dunyodagi eng ilg‘orlardan biri hisoblanadi. Mazkur davlat ta’lim tizimi STEM fanlariga (fan, texnologiya, muhandislik, matematika) ham alohida e’tibor qaratilishi yuqori baholanadi. Bu omillar Koreya Respublikasiga ta’lim sifati bo‘yicha xalqaro reytinglarda yetakchi o‘rinlarni egallash imkonini beradi va bu ham ushbu mamlakatda maorifga qanchalar ahamiyat berilishini ko‘rsatib turibdi.