Skip to main content

Universitet haqida

Rahbariyat

  • Baxtiyor Fazilov mashhur o‘zbek tadbirkori, investor va homiy. U dunyoga dong‘i ketgan, Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan tarixiy Samarqand shahrida tug‘ilgan. So‘nggi o‘ttiz yil ichida u nafaqat o‘z ona shahrida, balki butun O‘zbekiston bo‘ylab shuningdek, xorijda amalga oshiriladigan muvaffaqiyatli investitsiya loyihalarini yaratishga muvaffaq bo‘ldi.

    Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan Baxtiyor Fazilov o‘zining mehnat faoliyatini charm buyumlar va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan import-eksport biznesini tashkil etishdan boshlagan.

    2000-yilda, 25 yoshli B. Fazilov neft va gaz sanoatidagi faoliyatini boshlab, dastlab sohaga mashina va uskunalar yetkazib bergan. Oradan to‘rt yil o‘tgach, u Eriell kompaniyasiga asos soldi, bugungi kunda ushbu kompaniya neft-gaz qazib olish, izlash, burg‘ilash, quduqlarni o‘zlashtirish, sinovdan o‘tkazish, ta’mirlash hamda texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan xalqaro neft servis guruhiga aylangan.

    Hozirda Baxtiyor Fazilovning biznes intilishlari O‘zbekistonning eng yirik qurilish kompaniyalaridan biri bo‘lgan Enter Engineering, Silk Road Samarkand dam olish maskani, zamonaviy Samarqand Xalqaro Aeroporti kabi ko‘plab sohalarda faoliyat yurituvchi korxonalar misolida o‘z aksini topmoqda. Shuningdek, u qishloq xo‘jaligi, aviatsiya, bank sohasi, qurilish va muhandislik, raqamli texnologiyalar, logistika, konchilik, qayta tiklanuvchi energiya va po‘lat ishlab chiqarish sohalariga ham katta sarmoya kiritib kelmoqda. Bundan tashqari, u xalqimizning salomatligini saqlash va bilim olish imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida Toshkent xalqaro tibbiyot markazi (TIMC) va Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) kabi zamonaviy ta'lim va tibbiyot muassasalarini moliyalashtirgan.

  • Yusuf Negmatovich Abdullayev — Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor. Ustoz 1947- yilning 28-yanvar sanasida Samarqand shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan. XX asr boshida uning bobosi Ismatulla Rahmatullayev o‘quv jarayoni zamonaviy ta’lim metodikasiga asoslangan ilk maktabni tashkil etgan va birinchilar qatorida maktab o‘quv dasturlarini ham chop etgan.

    Yusuf Abdullayev o'zining pedagogik kasbiy faoliyatini 1963-yilda Mehribonlik uyida muallimlik bilan boshlagan. Bo‘lajak olim 1967- yilda Samarqand davlat universiteti tarix fakultetini tamomlab, tahsilni 1972-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida aspirantura bosqichida davom ettirgan. Professor Y. Abdullayevning nomzodlik dissertatsiyasi Eronning XIX–XX asrlar o‘rtasidagi tashqi siyosatiga oid masalalar tahlili hamda tadqiqiga bag‘ishlangan. Olim doktorlik dissertatsiyasida xorij mamlakatlaridagi oliy ta’lim tizimiga oid masalalarni tadqiq etishga e’tibor qaratgan.

    Professional faoliyatini oddiy muallim sifatida boshlagan Yusuf Negmatovich Abdullayev Samarqand davlat chet tillar institutining birinchi rektori, keyinchalik xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida fan va ta’lim bo‘limi rahbari lavozimida samarali mehnat qilgan.

    O'zbekiston mustaqilligi e’lon qilingach, 1992-yildan e’tiboran Y. Abdullayev o‘z faoliyatini O'zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi birinchi favqulodda va muxtor elchisi sifatida davom ettirdi. Zabardast olim 2018-yildan hozirgi kunga qadar  “Eriell Prof Education” korporativ o‘quv markazi direktori hamda 2022-yilning fevralidan boshlab, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Universitetning afzal tomonlari

Saralangan o‘qituvchilar jamoasi Universitetning pedagog kadrlari jamoasini Amerika, Yevropa, Osiyo, Avstraliya va Janubiy Afrika Respublikasi yetakchi ta’lim va ilmiy-texnik markazlarida faoliyat olib boruvchi xorijiy o‘qituvchilar, mutaxassislar va trenerlar tashkil qiladi.
Dunyodagi eng nufuzli texnika oliy ta’lim muassasalarining pedagogik tajribasi asosida tayyorlangan o‘quv rejalari, ta’lim dasturlari va metodikalar SXTU ta’lim jarayoniga tatbiq etilgan.
Ta’lim jarayoniga tajribali xorijiy professor-o‘qituvchilar jalb etilgan. Ular G‘arb va Sharq tillarini (ingliz, nemis, yapon, koreys va boshqa tillarni) o‘qitishning xalqaro standartlariga muvofiq tarzda ilg‘or tajriba va eng yangi ta’lim metodlaridan foydalanishadi.
Universitet qoshida ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyasi mavjud bo‘lib, u zamonaviy uskunalar hamda trenajorlar bilan jihozlangan.
Jahon standartlari asosida faoliyat ko‘rsatuvchi korxonalarda ta’lim va ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash imkoniyati mavjud.
O‘zbekiston va xorijdagi kasbiy karyerasida muhim o‘rin egallovchi “Double degree”* va Double diploma”** turidagi nufuzli diplomlarni qo‘lga kiritish.
SXTU bazasi negizida qo‘shni hududlarning salohiyatidan foydalanib, kuchli texnopark va muhandislik-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish.
Universitet kampusi Zarafshon daryosi bo‘yida rivojlangan infratuzilmaga ega go‘zal manzarali hududda joylashgan (Universitet binosi va kampusining tantanali ochilishi 2024-yilga rejalashtirilgan).
Yuqorida zikr etilganlarning barchasi xorijiy tilda ravon so‘zlasha oluvchi, zamonaviy va ilg‘or xorijiy bilim va dunyoqarashga ega yuqori malakali bakalavrlar, magistrlar va doktorantlarni tayyorlash uchun eng qulay sharoitlarni yaratadi.

* “Double degree” olish imkoni talabalarga SXTUni tamomlagach, o‘zlari tanlagan tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha bir paytning o‘zida ikkita ixtisoslikni egallash imkonini beradi.
** “Double diploma” SXTU ga hamkor mamlakatlarda tan olinadigan diplomga ega bo‘lish imkoniyatini yaratadi.

Universitetning missiya, qadriyat va maqsadlari

Missiya

Universitetning missiyasi Yangi O‘zbekistonni qurishga, mamlakatning jahon miqyosidagi obro'sini oshirishga, tinchlik va taraqqiyot yo‘lida davlatlararo hamkorlik qilishga xizmat qiluvchi yuqori malakali muhandislik kadrlarini tayyorlashdir.

Qadriyatlar

Universitetning barcha xodimlari va talabalariga o‘z funksional majburiyatlarini bajarishlari uchun talab qilinadigan yuksak qadriyatlar – bular: Or-nomus, Hurfikrlilik va Gumanizm.

Maqsadlar

Samarqand xalqaro texnologiya universitetining asosiy maqsadi O'zbekiston Respublikasi xalq xo‘jaligidagi eng muhim iqtisodiy va ilmiy-texnologik vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan xalqaro ta’lim standartlari darajasida yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni tayyorlashdir.

Universitet faoliyatining asosiy yo‘nalishlari

Ta'lim faoliyati:

  • tayyorlov kurslari va o‘quv markazlari;
  • oliy ma'lumot berish (bakalavriat, magistratura);
  • oliy ta’limdan keyingi ta’lim(PhD, DSc).

Ilmiy faoliyat:

  • ilmiy-tadqiqotlar;
  • ilmiy-amaliy ishlar.

Yangi kampusga virtual sayohat

SIUTning tashkiliy tuzilishi:

Hujjatlar

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti taqdimoti
Yuklab olish
Ro'yxatdan o'tish guvohnomasi
Yuklab olish
Ta'lim faoliyati uchun litsenziya
Yuklab olish