SIUTning ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi yangi muvaffaqiyati
Global raqobat muhitining kuchayishi va iqtisodiyotdagi beqarorlik jarayonlari zamonaviy mehnat bozorini tubdan o‘zgartirmoqda. Bu esa, kadrlar tayyorlash jarayonida texnologik innovatsiyalarni joriy etish va o‘quv tizimini zamon talablari asosida qayta shakllantirish zaruratini kun tartibiga qo‘ymoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muhandislik va texnologiya ta’limiga alohida e’tibor qaratib, ushbu yo‘nalishning milliy iqtisodiyot rivojlanishidagi o‘rni haqida gapirdi. Joriy yilning 20-iyun sanasida “Muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari”ga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev zamon talablaridan kelib chiqib, Yangi O‘zbekistonda texnik ta’limni tubdan yangilashning aniq yo‘nalishlarini belgilab berdi. Qolaversa, Davlatimiz rahbarining ta’biri bilan aytganda, “Iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish uchun bizga yuqori malakali muhandis-texnologlar suv bilan havodek zarur”.
Bu so‘zlar universitet faoliyati uchun muhim ilhom manbai bo‘ldi. SIUT ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarini kuchaytirib, yurtimizda yuqori malakali yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashda davom etmoqda.
Universitet talabalarni muhandislik, texnologiyalar, “yashil” iqtisodiyot va biznes sohalarida yetakchi sifatida shakllantirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratmoqda. Oliygoh zamonaviy dunyo talablariga javob beradigan yetuk mutaxassislarni tayyorlashni o‘z missiyasi deb biladi. Universitet talabalarga muhandislik, texnologiya, “yashil” iqtisodiyot va biznes sohalarida yetakchi bo‘lishlari uchun zarur sharoitlarni yaratib, innovatsiya va barqaror rivojlanishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Qayd etish joizki, 2024-yil SIUT uchun muhim voqealarga boy, sermahsul yil bo‘ldi. Universitet innovatsion ta’lim dasturlarini joriy etdi, dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik geografiyasini kengaytirdi hamda xalqaro miqyosdagi keng ko‘lamli tadbirlarni tashkil etdi. Shu bilan birga, ilmiy-tadqiqot faoliyati davom etmoqda, bu esa talabalarga kasbiy va shaxsiy rivojlanish imkoniyatlarini taqdim etadi.
2025-yil arafasida universitet yana bir muvaffaqiyatga erishdi: “Science and Innovation Awards” ilmiy festivalida munosib e’tirofga sazovor bo‘ldi.

“Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamda UzreportTV telekanali jamoasi tomonidan har yili an’anaviy tarzda “Science and Innovation Awards” nomli yilning eng tantanali ilm-fan bayrami va g‘oliblarni taqdirlash kechasi tashkil etib kelinmoqda.
Joriy yilning 21-dekabr kuni “Turkiston” san’at saroyida ushbu taqdirlash marosimi 3-marotaba tashkil etildi hamda mazkur tantanali tadbirda 200 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va tashkilotlari ishtirok etdilar. Ushbu taqdirlash marosimida o‘zbek ilm-fani darg‘alari bir manzilga jam bo‘ldi!
Tadbirda quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi:
- Yil olimi;
- Yilning eng yaxshi yosh olimi;
- Yilning eng yaxshi oliy ta’lim muassasasi;
- Yilning eng yaxshi nodavlat oliy ta’lim muassasasi;
- Yilning eng yaxshi ilmiy tadqiqot instituti;
- Yilning eng innovatsion universiteti.
Mazkur tadbirda turli nominatsiyalar bo‘yicha eng yaxshi oliy ta’lim muassasalari aniqlanib, ular orasidan SIUT ham munosib e’tirofga sazovor bo‘ldi.
SIUT Respublikadagi eng yaxshi nodavlat universitetlar qatorida
Festivalning tashkiliy qo‘mitasi SIUTni “Yilning eng yaxshi nodavlat ta’lim musassasi nominatsiyasi finalisti” unvoni va maxsus diplom bilan taqdirladi. Faxrli ikkinchi o‘rinni (1-o‘rin – EMU University, 3-o‘rin – ISFT) egallab, SIUT kuchli uchlikdan o‘rin oldi. Bu e’tirof universitetni O‘zbekistonning eng yaxshi nodavlat oliy ta’lim muassasalari qatoridan joy olganini yana bir bor isbotladi. Ta’kidlash joizki, SIUT 2023-yilning fevral oyida o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa-da, qisqa vaqt ichida milliy va xalqaro miqyosdagi yutuqlarga erishdi.
Forum doirasida o‘tkazilgan tadbirlar
Science & Innovation forumida ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohasida keng qamrovli tadbirlar tashkil etildi:
- Ilmiy-innovatsion yutuqlarni namoyish etuvchi ko‘rgazma;
- Ta’lim muassasalarining nashrlari va yutuqlari taqdim etilgan stendlar;
- Estradamizning eng taniqli san’atkorlari va soʻz ustalari ishtirokida katta konsert dasturi.


SIUTning ko‘rgazma stendi tashkiliy qo‘mita tomonidan eng yaxshi stendlardan biri sifatida qayd etildi. Universitet tomonidan namoyish etilgan materiallar orasida ilmiy nashrlar, 2024-yilda SIUT erishgan muvaffaqiyatlari haqidagi maxsus tayyorlangan videorolik ham bor edi. Bu, o‘z navbatida, universitetning xalqaro va mahalliy maydondagi faoliyati qanchalik samarali ekanligini yana bir bor namoyish etdi. Bunday nufuzli tanlovlarda ishtirok etish olimlarimiz o’rtasida fikr-almashishga, yana bir bor hamsuhbat bo‘lishga imkon yaratdi, ta’kidlash joizki, yil yakunida berilgan rag‘bat kelasi yilda amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqotlar uchun motivatsiya beradi!


SIUT: Yosh, ammo ulkan rejalar sari intilayotgan universitet
SIUT o‘z faoliyatini boshlaganidan beri yuksak marralarga erishish maqsadida bir qator innovatsion tashabbuslarni amalga oshirdi:
- Xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan 9 ta muhandislik yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat dasturlari;
- Muhandislik sohasiga ixtisoslashgan biznes maktabi;
- Koreya texnologiyasi va madaniyati instituti;
- Xitoy energetika instituti.
Ushbu yo‘nalishlar iqtisodiyotning asosiy sohalarida ilg‘or masalalarni hal eta oladigan mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.
2023-yil yozida universitetda o‘quv jarayonini dual ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich o‘tkazish jarayoni boshlandi. Mazkur tizim talabalarga nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirib, ishlab chiqarish maydonlarida ishlash imkoniyatini beradi. 2024-yil noyabr oyida o‘tkazilgan universitet Senatining navbatdagi yig‘ilishida oliygoh 2025-yilning yanvar oyidan boshlab ta’lim jarayonini to‘liq dual tizimga o‘tkazishga tayyorligi haqida e’lon qilindi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, mazkur qaror talabalarni zamonaviy mehnat bozoriga tayyorlash va ularga amaliy tajriba taqdim etish maqsadida qabul qilingan.
Mukofotlar va xalqaro e’tirof
Tashkil topganiga endigina 3 yil to‘layotgan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti ichki hamda xalqaro ta’lim xizmatlari bozorida o‘zini namoyon etmoqda. Jumladan, qisqa vaqt ichida SIUT jamoasi quyidagi e’tiroflarga sazovor bo‘ldi:
- Change Academy 3 dasturida Advance HE va Britaniya Kengashi tomonidan tashkil etilgan “Winner of Best Team – Eng yaxshi jamoa” g‘olibligi;
- 2023-yilda uchta nominatsiyada (O‘zbekistonda noyob xorijiy professor-o'qituvchilar tarkibi hamda xalqaro darajadagi ilmiy ba’zaga ega ingliz tilidagi birinchi xalqaro texnologik universitetni yaratishdagi yutuqlari uchun) “Yil brendi 2023” mukofoti sohibi bo‘ldi;
- Scienceweb.uz milliy ilmiy bazasi ma’lumotlariga ko‘ra, ilmiy salohiyati bo‘yicha respublikadagi eng yaxshi OTMlar qatoridan o‘rin egallagan (2024-yil yanvar holatiga ko‘ra 2-o‘rin);
- O‘zbekistonning 76 ta nodavlat OTMlari orasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va “Yosh Ziyokor” nodavlat OTMlar assotsiatsiyasi tomonidan tuzilgan reytingda faxrli 2-o‘rin;
- SIUT kutubxonasi respublikadagi eng yaxshi universitet kutubxonalaridan biri sifatida e’tirof etilgan;
- Stanford University tomonidan tuzilgan reytingga ko‘ra, SIUT professorlari ketma-ket ikki yil davomida dunyoning eng ko‘p iqtibos keltirilgan 2% olimlari qatoridan joy olgan;
- Xitoyning “Teo, Amo kaj la Mondo” xalqaro loyihasi tomonidan tashkil etilgan “Choy, Madaniyat va Tinchlik” festivaliga qo‘shgan hissasi uchun Markaziy Osiyoda birinchi marta “Choy, Madaniyat va Tinchlik Elchisi” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.
Universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev o‘tayotgan yil yakunlarini sarhisob qilar ekan quyidagilarni alohida ta’kidladi:
“SIUTning bugungi yutuqlari – bu jamoamizning fidokorona mehnatlari va bilimga chanqoq talabalarimizning intilishlari natijasidir. 2024-yil biz uchun muvaffaqiyatlarga boy bo‘lib, 2025-yil yanada keng ufqlarni ochishiga ishonamiz. Talabalarimiz va ko‘pmillatli professor-o‘qituvchilarimizning mamlakatimiz va universitetimiz ilmiy salohiyatini mustahkamlashdagi faoliyati bilan faxrlanamiz”.
Muxtasar qilib aytganda, oliygohimizda mamlakatimizning barqaror rivojlanishi va taraqqiyotini ta’minlaydigan, yuqori texnologiyali iqtisodiyotda innovatsion yutuqlarning drayveri bo‘lishga mo‘ljallangan yangi avlod muhandis kadrlarini tayyorlash borasida jadallik bilan ishlar olib borilmoqda.