SIUT professorlari dunyodagi eng yaxshi 2% olimlar ro‘yxatida
SIUT professorlari Muhammad Kaabar va Changiz Valmohammadilar Scopus maʼlumotlar bazasi asosida Stanford universiteti tomonidan har yili chop etiladigan dunyodagi eng koʻp iqtibos keltiriladigan olimlarning 2% nufuzli roʻyxatiga kiritilgan. Quvonarlisi, mazkur reytingda SIUT professorlari Muhammad Kaabar 2023-yilda, Changiz Valmohammadi esa ketma-ket 5-yil (2020-yildan beri) dunyoning eng yaxshi olimlari ro‘yxatiga kiritilganini faxr bilan ta’kidlash joiz.
Dunyoning eng yaxshi 2% olimlari reytingida olimlar umumiy iqtiboslar darajasi bo‘yicha baholanadi, bu ularning ilmiy ishlarining ahamiyati va tadqiqot yo‘nalishlarining muhimligidan dalolat beradi. Reyting dunyodagi eng nufuzli ilmiy reytinglardan biri hisoblanadi va u Elsevier bilan hamkorlikda tuzilgan global ilmiy yetakchilarni aniqlashda kuchli vosita sifatida xizmat qilib kelmoqda. U butun dunyo boʻylab Science-Metrix standartiga muvofiq, 22 ta fan va 176 ta kichik fan sohalarida faoliyat yuritayotgan 190 mingdan ortiq tadqiqotchi va 9 millionga yaqin olimlarni qamrab oladi.
SIUT professorlarining jahon ilmiy hamjamiyatiga qo‘shgan shaxsiy hissasi va xizmatlarini tasdiqlaydi, shuningdek, SIUTning jahon miqyosida ilmiy nufuzini yanada oshirish uchun muhim qadamlardan biridir. Prof. Muhammad Kaabar va prof. Changiz Valmohammadilar o‘z ilmiy yo‘nalishlari (prof. M. Kaabar – amaliy matematika, differensial tenglamalar tahlili va boshqa matematika fanlari bo‘yicha; prof. Ch. Valmohammadi – xalqaro logistika, raqamli transformatsiya, strategik va innovatsiyalarni boshqarish, raqamli marketing va biznes jarayonlarida ITni qo‘llash sohasida) bo‘yicha o‘nlab ilmiy maqola va monografiyalar mualliflari hisoblanadilar.
Professorlarning tadqiqotlari muntazam ravishda yetakchi xalqaro jurnallarda nashr etib kelinmoqda va eng muhimi, bu ishlar akademik tadqiqotlar va muhandislik yechimlari sohasida yuqori talabga egaligi bilan ahamiyatlidir. Reytingga ko‘ra, professor Kaabar ilmiy ishlarining h-indeks ko‘rsatkichi 10, hm-indeks - 5,79; professor Valmohammadi ilmiy ishlariniki esa 8 va 5,67 tashkil etmoqda.
Albatta, universitet professorlarining muvaffaqiyatlari SIUTning ilmiy va akademik nufuzini oshirish bilan bir qatorda universitet talabalari va yosh tadqiqotchilarni o‘z ilmiy tashabbuslarini rivojlantirishga ilhomlantiradi. Bu, o‘z navbatida, yaqin kelajakda oliygohni jahon akademik xaritasida muhim o‘rin egallashiga ishonchimiz komil. Samarqand xalqaro texnologiya universiteti jamoasi ham, o‘z navbatida, professor Mohammed K. A. Kaabar va Changiz Valmohammadilarni ushbu muvafaqqiyatlari bilan chin dildan samimiy qutlab, kelgusidagi ilmiy va kasbiy faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.