Skip to main content

SXTU jamoasi «Change Academy 3» dasturida ilk sovrinni qo‘lga kiritdi

2023-yilning 22-24-fevral kunlari Toshkent shahrida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Britaniya Kengashi (British Council) va “Advance-HE” tashkiloti hamkorligida ishlab chiqilgan “Oliy ta’limda sifatli boshqaruv madaniyatini uzluksiz rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqish”ga qaratilgan “Change Academy 3” dasturining yakuniy bosqichida (Ma’lumot uchun: ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi va Britaniya kengashi o‘rtasida ta’lim sohasida uzoq muddatli stategik sheriklikni rivojlantirish qaratilgan) SXTU jamoasi ham faol ishtirok etdi va respublikadagi o‘ttizdan ortiq nufuzli OTM lar orasida eng yaxshi jamoa (Winner of best team) deb topildi. Loyiha yakunida SXTU jamoasi “Advance-HE” tashkilotining keyingi anjumaniga 1 kishilik yo‘llanmaga, hamkorlik grantida 2 nafar ishtirokchini qatnashishiga muvaffaq bo‘ldi hamda Britaniya Kengashi tomonidan kitoblar bilan taqdirlandi.

SXTU jamoasining loyihasi “Talabalarda tanqidiy fikrlash ko'nikmalarini rivojlantirish” mavzusida bo'lib, u talabalarning butun akademik faoliyati davomida, ya'ni individual topshiriqlarni bajarishdan tortib to xalqaro standartlarga mos keladigan keng qamrovli loyihalarni yaratishgacha bo‘lgan jarayonda foydalanish uchun mo'ljallangan. SXTU jamoasining vazifasi bir qator belgilangan mashqlarni bajarish orqali talabalarning analitik muammolarni yechish qobiliyati rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, u universitetning birinchi kurs talabalarining tanqidiy fikrlash qobilyatini yuksaltirishga yo‘naltirildi. Bunda birinchi kurs talabalaridan jamoa tarzda biznes yoki muhandislik yo'nalishidagi murakkab topshiriqlarni bajarish talab etildi.

Mazkur loyihada ishtirok etgan universitetlarning eng yoshi boʻlishiga qaramay, SXTU jamoasi zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan ta'lim berish, xorijiy tillarni oʻrgatish, matematika, muammolarni yechish va taʼlimni boshqarish kabi turli sohalardagi mutaxassislarni birlashtirib har bir a'zoning bilim va tajribasidan samarali foydalanilgani alohida ahamiyat kasb etadi.

Mazkur dasturiy loyihada ishtirok etish orqali SXTU jamoasi o‘z asosiy maqsadi, ya’ni nafaqat respublikamizda, balki butun dunyodagi yetakchi universitetlardan biriga aylanish sari ildam qadam tashladi.