Global Ta’lim Konsortsiumi delegatsiyasining tashrifi: talabalar va oʻqituvchilar uchun yangi istiqbollar
2023-yilning 9-noyabr kuni SIUTda CGE prezidenti Carolyn Bishop boshchiligidagi Global Ta’lim Konsortsiumiga (CGE – Consortium for Global Education, AQSh) a’zo qator universitetlar vakillaridan iborat delegatsiyasi tashrif buyurdi. Mazkur delegatsiya tarkibiga AQShlik Bobby Hall (Wayland University Prezidenti), Jeff Moore (Anderson University texnoparki direktori), Pete Thomas (Cambellsville University Xalqaro departamenti direktori), Don Ashley (CEO, dekan, Wayland University global loyihalar va texnomarkaz direktori), David Bishop (CGE AmeriStudy direktori), hamda Hindistonlik Nitin Sardar (Reimagine Solutions direktori, CGE AmeriStudy India) va Abhijit Paraj (Reimagine Solutions Ijrochi direktori, CGE AmeriStudy India) ham kirgan.

Shuni alohida qayd etish joizki, SIUTda bunday formatdagi uchrashuv ilk bor tashkil etilib, unda talabalar va professor-oʻqituvchilar Konsortsium faoliyati, xalqaro dasturlar hamda akademik almashinuv imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Global Ta’lim Konsortsiumi (CGE) notijorat xalqaro tashkilot bo‘lib, AQShning 23 dan ortiq shtati, shuningdek, dunyoning 3 ta mintaqa: Yevropa, Osiyo va Afrikada joylashgan xususiy universitet va kollejlarni qamrab olgan. E’tiborlisi, CGEda SIUT universiteti nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasidagi, balki Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi universitetlar orasida yagona vakil hisoblanadi (2022-yil sentabrida Oklaxomada (AQSh) bo‘lib o‘tgan Konsortsiumining yillik yig‘ilishida SIUT va CGE ortasida ta’lim va tadqiqot sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan). Hozirgi kunda CGE 124 mingdan ortiq talaba va 7,3 mingdan ziyod professor-o‘qituvchilarni birlashtirgan.
Uchrashuvda talabalar xalqaro almashinuv hamda Work & Travel dasturlari, Konsortsium tomonidan ajratiladigan turli grantlar boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan mehmonlarga murojaat qildilar. Bundan tashqari, SIUT professor-o‘qituvchilari tomonidan oʻquv dasturlarini sertifikatlash va bu jarayonda CGEning qoʻllab-quvvatlashga doir muhim mavzular ham oʻrtaga tashlandi. CGE vakillari berilgan barcha savollarga batafsil va mazmunli javoblar berdilar. Xususan, CGE SIUTda o‘qitiladigan turli dasturlarni sertifikatlash, keyingi o‘quv yilidan boshlab esa universitetda MBA (Master of Business Administration) dasturini ochishda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini alohida ta’kidladilar.
“Xalqaro sertifikatga ega bo‘lish SIUT bitiruvchilari uchun yangi imkoniyatlar ochadi”, dedi Wayland University prezidenti Bobby Hall.
SAT (Scholastic Assessment Test) bo‘yicha eng yuqori ball (1400) to‘plagan, ayni paytda, grant asosida universitetning “Computer Science” yo‘nalishi 1-bosqichida tahsil olayotgan Olimjon Botirov mehmonlarga quyidagi savol bilan yuzlandi: “Dunyoning nufuzli universitetlarida magistratura bosqichida o‘qishni davom ettirish maqsadida Konsortsium tomonidan grantlar ajratiladimi?” Delegatsiya vakillari Konsortsium iqtidorli talabalarga grantlar ajratishda yordam berishga tayyorligini ma’lum qildilar. O‘z navbatida, SIUT rektori prof. Yusuf Abdullayev iqtidorli yoshlarning xorijning nufuzli oliygihlarida ta’lim olishlari uchun yurtimizdagi turli grantlar ajratuvchi jamg‘armalar orqali doimo qo‘llab-quvvatlab kelinganini alohida qayd etar ekan, yoshlarga oid davlat siyosati doirasida ularni qo‘llab-quvvatlash ishlari davom etayotganini alohida ta’kidladi. Rektor so‘ziga har yili minglab grantlar ajratadigan va xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar, magistrantlar, doktorantlar va ilmiy tadqiqotchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan “El-yurt umidi” jamg‘armasini misol tariqasida keltirib o‘tdi. So‘zida davom etar ekan, professor Yusuf Abdullayev joriy o‘quv yili uchun SIUT talabalariga 20 ta davlat granti jumladan, “Geologiya va geomuhandislik”, “Konchilik ishi”, “Kimyo muhandisligi”, “Issiqlik energetikasi” yo‘nalishlari uchun har biri 5 tadan, bundan tashqari, SIUT Vasiylik kengashi raisi Baxtiyor Fazilovning 70 dan ortiq grant o‘rinlari ajratilganligiga alohida urg‘u berdi.


Uchrashuv talabalar tomonidan tayyorlangan milliy qo‘shiq, kuy va raqslarga ulanib ketdi. Tadbir so‘ngida Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Zulfiya Rashidova ijrosidagi “Samarqand” qo‘shig‘i barchaning, shu jumladan, CGE faxriy mehmonlarining e’tibor markazida bo‘ldi.
