Skip to main content

SIUT Global ta’lim konsorsiumining (AQSh) an’anaviy yillik konferensiyasida ishtirok etdi

Joriy yilning 25-27-sentabr kunlari Union universitetida (Jekson shahri, Tennessi shtati, AQSh) Global Ta’lim Konsorsiumiga (CGE) a’zo universitetlar prezidentlari va rektorlarining 37-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Bu yilgi konferensiya “Yangi global landshaft: Umumiy hamjamiyatlar, kampusning global imidji, moslashuvchan texnologiyalar” (A New Global Landscape: Shared Communities, Campus Global Image, Adaptive Technology) mavzusida o‘tkazildi. Tadbirda dunyoning o‘ndan ortiq nufuzli universitet rahbarlari qatorida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, professor Yusuf Abdullayev va universitet birinchi prorektori, professor Bobby Hall ishtirok etdi.

cge 1

Anjuman davomida xalqaro hamkorlar bilan innovatsion ta’lim dasturlarini yaratish, jahonning ilg‘or ta’lim modellaridan biri bo‘lgan  “Amerika ta’lim modeli”ni amalda joriy etish, shuningdek, jadal o‘zgarib borayotgan jahon mehnat bozorida talabalarni kasbiy hayotga tayyorlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Muhandislik ta’limida yangi texnologiyalarni amalda qo‘llash istiqbollariga ham alohida e’tibor qaratildi. Rektor Yusuf Abdullayev konferensiya ishtirokchilariga universitet faoliyatiga doir video taqdimotni namoyish etar ekan, SIUTda ta’limning “Amerikacha modeli”ni joriy etish natijalari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. SIUTda ta’lim jarayonini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida dunyoning 18 davlatidan 50 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar jalb etilgan. Ushbu professorlarning aksariyati, ya’ni uchdan bir qismi, Amerika Qo‘shma Shtatlaridan kelgan mutaxassislardir. Bundan tashqari, SIUTga taklif etib kelinayotgan amerikalik professorlar va mutaxassislar mehmon ma’ruzachi (guest lecturer) sifatida muhandislik, tadbirkorlik kabi yo‘nalishlarda o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqdalar. Bu xalqaro hamkorlik, talabalarga faqatgina nazariy bilimlar berish bilan cheklanmay, balki xalqaro ekspertlardan olingan noyob amaliy tajribalarni ham o‘z ichiga oladi.

Bunday ta’lim usuli, talabalar uchun global mehnat bozorida muvaffaqiyatli kasbiy faoliyatni amalga oshirishda zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni rivojlantirish imkonini yaratadi. Shuningdek, bu jarayon nafaqat ta’lim sifatini oshirishga, balki universitetning xalqaro aloqalarini ham mustahkamlashga xizmat qiladi. Talabalar, o‘zlari ta’lim olayotgan mutaxassisliklarida zamonaviy, amaliy va innovatsion yondashuvlarni o‘zlashtiradilar.  Ushbu jihatlar, SIUTni ta’lim sohasida o‘z o‘rniga ega, xalqaro standart talablariga javob beradigan oliy ta’lim muassasasi sifatida shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.

usa 1

2024-yil may oyida AQShning O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi janob Jonatan Henikning amaliy tashrifi universitet hayotidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi. Elchi janoblari bilan uchrashuvda SIUT va Amerika oliy ta’lim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, akademik almashinuvni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, oliygohning yangi kampusida “Amerika burchagi” tashkil etish rejalari muhokama qilindi.

as 5

as 4

Rektor Samarqand xalqaro texnologiya universiteti va Kolorado konchilik maktabi davlat ilmiy-tadqiqot universiteti (AQSh) o‘rtasida 2021-yilda boshlangan hamkorlik natijasi o‘laroq 2022-2032-yillarga mo‘ljallangan universitet Bosh rejasi (Master-Plan) ishlab chiqilgani alohida qayd etdi. Ushbu reja SIUT ta’lim strategiyasining asosi bo‘lib, talabalarga birinchi kursdan boshlab nazariy bilimlarini  O‘zbekistondagi yirik sanoat korxonalarida amaliyotda qo‘llash imkonini beruvchi dual ta’lim tizimini joriy etishni nazarda tutadi. 2024-yilda SIUT talabalari hamda Kolorado konchilik maktabining bir guruh talabalari Eriell sanoat ob’yektlarida ishlab chiqarish amaliyotida faol qatnashdilar, bu esa o‘z navbatida talabalar almashinuvini yanada rag‘batlantirish va oliygohlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

as 1

as 2

SIUT rahbariyatining anjumandagi nutqida geomuhandislik, konchilik, neft-gaz va kimyo muhandisligi, qayta tiklanadigan va issiqlik energetikasi kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan SIUT muhandislik ta’lim dasturining taqdimoti o‘rin oldi. Rektor o‘z nutqi davomida sanoatning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini prognozlash muhimligini qayd etib, iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlashda universitetning  o‘ziga xos o‘rin egallashini ta’kidladi.

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti jahonning ko‘plab ta’lim muassasalari singari “Moslashuvchan sun’iy intellekt” (Adaptive AI) texnologiyasining imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Ushbu innovatsiya, har bir talabaga o‘z ehtiyojlariga mos ta'lim olish imkonini berib, ta'lim samaradorligini oshirishda xizmat qiladi.

cge 3

cge 2

Samarqand xalqaro texnologiya universitetining yillik Global Ta’lim Konsorsiumi (CGE) konferensiyalaridagi ishtiroki universitetning global ta’lim hamjamiyatiga qo‘shilishi va dunyo bo‘ylab yetakchi universitetlar bilan hamkorlik o‘rnatish, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish shuningdek, global miqyosda ilmiy hamda ta’limiy dasturlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Universitet rahbariyati bir qator CGE ning a’zo universitetlari bilan qo‘shma tadqiqot dasturlari va loyihalari, professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, bundan tashqari, xorijda tahsil olish imkoniyatlarini rag‘batlantirish masalalarini o‘zaro muhokama qildilar. Alohida qayd etmoq joizki, universitet rahbariyati tomonidan 2026-yilda Samarqandda SIUT shafeligida o‘tkaziladigan Oksford Kengashi hamda CGE Xalqaro anjumaniga a’zo tashkilotlar ishtirok etish uchun taklif qilindi.

Ma’lumot uchun: Samarqand xalqaro texnologiya universiteti 2025-yil fevral oyida Hindistonda (Bangalor, Mumbay, Nagpur) hamda sentabr oyida AQShda (Dallas, Texas) bo‘lib o‘tadigan Global Ta’lim Konsortsium yig‘ilishlarida ishtirok etishni rejalashtirmoqda.