AQShning O‘zbekistondagi elchisi SIUTga tashrif buyurdi
Joriy yilning 15-may kuni Samarqand xalqaro texnologiya universitetiga (SIUT) Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Jonathan Henick tashrif buyurdi. Shuningdek AQSh elchixonasi delegatsiyasi tarkibidan janob Kevin Roberts (Economic Associate) va janob Harris Lipscomb (Public Diplomacy Officer) kabi yuqori martabali mehmonlar ham o‘rin olgan. Elchixona tashabbusi bilan oʻtkazilgan uchrashuvda taʼlim, innovatsiyalar va yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohasida oʻzaro manfaatli xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev oliy martabali mehmonlarga SIUT Vasiylik kengashi raisi – B.Sh. Fazilov rahbarligi ostida universitetning tashkil etilishi tarixi, faoliyati erishilgan yutuq va muvaffaqiyatlar hamda kelgusi rejalar xususidagi taqdimotni namoyish etdi. Rektor O‘zbekistonda muhandis kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan birinchi xalqaro texnologiya universitetni tashkil etish loyihasini amalga oshirishdagi ilk qadam Kompaniyalar guruhi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi – “Eriell Prof Education”ning ochilishi bilan amalga oshirilganini ta’kidladi. “Kolorado konchilik maktabi” bilan 2021-yil dekabr oyida AQShning Nyu-York shahrida imzolangan shartnomaning Universitetni tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etgani, Janob elchida katta qiziqish uyg‘otdi. Bundan tashqari, SIUT O‘zbekistonda davlatimiz Rahbarining Farmoni (2022-yil 28-yanvardagi “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-sonli Farmoni, 49-maqsad) ijrosi doirasida tashkil etilgan sanoqli oliy o‘quv yurtlaridan biri sanaladi.


Shuningdek, rektor SIUT muhandislik, texnologiya va biznes sohasida jahon andozalari darajasidagi, jahon ta’lim standartlariga javob berishga tayyor mutaxassis-kadrlarni tayyorlashga intilayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, SIUTda tahsil olayotgan 200 nafar talabaning 70 nafarga yaqini Universitet Vasiylik kengashi raisi B.Sh. Fazilov tomonidan ajratilgan ta’lim granti asosida tehsil olayotganiga e’tibor qaratildi. Universitet Vasiylik kengashi raisi tomonidan ajratilgan grantlar har bir taʼlim yoʻnalishidagi kirish imtihonlarida eng yuqori natijalarni qayd etgan talabalarga (2023/2024 oʻquv yilida – 11 ta yoʻnalish), shuningdek, eng yuqori ball to‘plagan SAT sertifikatlari sohiblari (1200 ball yoki undan ko‘p), nogiron talabalar hamda Eriell Group xodimlarining farzandlariga taqdim etilgan.
SIUT yirik xalqaro ta’lim konsorsiumlari, jahonning qator oliy ta’lim, ilmiy va akademik tashkilotlari bilan muvaffaqiyatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. SIUTda dunyoning 16 mamlakatidan ta’lim jarayoniga taklif etilgan 35 nafar professor-oʻqituvchi faoliyat ko‘rsatadi, ularning orasida 10 nafari AQShlik professor-oʻqituvchilardir.


Shuningdek, uchrashuv davomida SIUTning yangi kampusida SIUT va AQSh universitetlari o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladigan “Amerika burchagi”ni ochish imkoniyatlari muhokama qilindi. “Amerika burchagi”ning ochilishi Samarqand shahri, viloyat va uning atrofidagi hududlar aholisiga Amerika urf-odatlari, qadriyatlari, madaniyati va turmush tarzi bilan yaqindan tanishish imkonini yaratadi.


Tomonlar, shuningdek, akademik va ilmiy faoliyatning turli yo‘nalishlari bo‘yicha AQShdan O‘zbekistonga o‘qituvchilarni jalb qilish bo‘yicha Fulbrayt dasturi (Fulbright Specialist Program)ni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Tashrif davomida janob Elchi va unga hamrohlik qilayotgan yuksak martabali mehmonlarga “Samarqand jahonning har bir qit’asida” loyihasi doirasida “Amerika Samarqandiyonasi” nomli noyob fotoko‘rgazma ham namoyish etildi. Buyuk fan va madaniyat namoyandalari, Nobel mukofoti sovrindorlari, AQSh fuqarolarining samarqandliklarga yo‘llagan tilaklari va imzolari yozilgan stend janob Elchida juda katta taassurot qoldirdi. Ta’kidlash joizki, yuqorida aytilgan va boshqa yuzlab xat va maktublarning asl nusxalari SIUT muzeyida saqlanadi.

AQShning O‘zbekistondagi elchisi janob Jonathan Henick bilan uchrashuv xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim bosqich sifatida, Yangi O‘zbekistonda iqtisodiyot tarmog‘i ehtiyojlarini qoplashga yo‘naltirilgan muhim va mas’uliyatli maqsadni amalga oshirish uchun SIUTda jahon andozalari darajasidagi mutaxassislarni tayyorlashga intilishning in’ikosi bo‘ldi.