SIUT faoliyatiga ikki yil to‘ldi
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmonida belgilangan “…Xorijiy davlatlarning yetakchi texnika universiteti bilan birgalikda Samarqand texnologiya universitetini tashkil etish” 49-maqsadiga asosan 2022-yil 4-fevraldan boshlab faoliyat ko‘rsatmoqda. Avvalroq, 2021-yilning 2-dekabrida Nyu-Yorkda Kolorado konchilik maktabi (Colorado School of Mines) va SANEG (Sanoat Energetika Guruhi) o‘rtasida Memorandum imzolangan bo‘lib, bu universitetni tashkil etishda birinchi qadam bo‘ldi.
Joriy yilning 3-fevral kuni “Silk Road Samarkand” turistik majmuasida joylashgan “Hilton Samarkand Regency” mehmonxonasining muhtasham zalida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti faoliyatiga ikki yil to‘lishi munosabati tantanali tadbir tashkil etildi. Tadbir SIUT rektori, professor Yusuf Negmatovich Abdullayev tomonidan ochib berildi.

“Ilg‘or bilimlarga asoslangan innovatsiyalar zamonaviy, dinamik o‘zgaruvchan dunyoda barqaror rivojlanishning kafolatidir. Har qanday davlat iqtisodiyotining barcha sohalarini jadal modernizatsiya qilish zamirida faqat va faqat fan yotadi. O‘zbekistonda yangi avlod texnolog-muhandislarini tayyorlash maqsadida ikki yil avval bizning universitet tashkil etilgan”, – dedi universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev.

Tadbir 2023-yilda universitet hayotida roʻy bergan eng muhim voqealar aks etgan videorolik namoyishi bilan boshlandi.



Tadbir davomida SEG Enera bosh direktori Timofey Smirnov SIUT Vasiylik kengashi raisi Baxtiyor Fazilovning SIUT faoliyatining ikki yillligi munosabati bilan universitet jamoasiga yo‘llagan tabriknomasini o‘qib eshittirdi. Shuningdek, Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov hamda Samarqand viloyati hokimligining boshqa vakillari, bundan tashqari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi raisi – Suxrob Rafiqov va Eriell kompaniyalar guruhi menejerlari o‘z tabrik va qutlovlarini izhor etdilar. Shundan so‘ng, SIUT Tillar markazi direktori, o‘zbek va tojik tillarida ravon so‘zlovchi mutaxassis, AQShlik professor Joseph Stark so‘z olib yig‘ilganlarni uch tilda qizg‘in qutladi.
“Samarqand xalqaro texnologiya universiteti o‘z faoliyatining dastlabki kunlaridanoq O‘zbekiston Prezidenti tomonidan oliy ta’lim muassasalari oldiga qo‘yilgan asosiy maqsad – mutaxassislarni jahon ta’lim standartlari darajasida tayyorlashni eng ustuvor vazifa sifatida amalga oshirib kelmoqda. Shu maqsadda SIUT o‘quv dasturlarida ilg‘or innovatsion yondashuvlarni o‘rganish va tatbiq qilish orqali xalqaro hamkorlikni muntazam kengaytirmoqda. Yangi O‘zbekistonning muhandis-xodimlari eng zamonaviy texnologiyalarga ega bo‘lishlari kerak va shunda mamlakatimiz iqtisodiyoti dunyoda doimo o‘zining munosib o‘rnini egallaydi” – dedi SIUT Vasiylik kengashi raisi Baxtiyor Fazilov murojaatida.




Tantanali tadbir dasturi dirijyor Kamoliddin Sattorov boshchiligidagi “Sadaf” xalq cholg‘u kamer orkestrining simfoniyalari, SIUT Ma’naviyat va ma’rifat boʻlimi boshligʻi Zulfiya Rashidovaning qoʻshiqlari, “Oltin Meros” talabalar teatr-studiyasining turli sahna ko‘rinishlari, raqslari va qo‘shiqlariga boy bo‘ldi. Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, Samarqand davlat viloyat musiqali drama teatri aktiyori Baxtiyor Rahimov tomonidan Iqbol Mirzoning “Samarqand sayqali” nomli she’riy dramasidan Alisher Navoiy monologi ijro etildi. Shuningdek, SIUT professori, shoira, “El-yurt hurmati” ordeni, “Shuhrat” medali va qator davlat mukofotlari sohibasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xosiyat Bobomurodova universitet uchun maxsus yozilgan madhiyani yig‘ilganlar hukmiga havola etdi.

SIUTning ko‘plab hamkorlari va do‘stlari dunyoning turli mintaqalaridan universitetga o‘z videotabriklarini yubordilar. Tabriklar orasida Rossiyaning Samara shahridan yo‘llangan tabriklarni alohida ta’kidlash joiz: SIUTning ikki yilligiga bag‘ishlangan Galina Maslovaning (muallif-ijrochi, bastakor, Rossiya mualliflar jamiyati a’zosi, Butunrossiya qo‘shiq festivallari laureati) musiqiy kompozitsiyasi, shuningdek, Irina Alekseyevaning (rossiyalik shoira, esseist, Moskva Yozuvchilar uyushmasi a’zosi) Universitetga atab yozilgan she’ri tadbir qatnashchilari e’tibori markazida bo‘ldi.




Tantanali tadbir yakunida xonanda Marat Sodiqov va ishtirokchilar jo‘rligida “My Way” qo‘shig‘i ijro etildi.



