Skip to main content

Kelajak auditoriyada emas, ishlab chiqarishda shakllanadi

SIUT talabalari yozgi ishlab chiqarish amaliyotida qanday tajriba orttirdi?

Bugungi kunda O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi — mehnat bozori talablariga javob beradigan, nazariy bilim bilan bir qatorda zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlarida ishlash ko‘nikmalariga ega mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yil 20-iyun kuni muhandislik yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida oliy ta’limni ishlab chiqarish bilan yanada yaqinlashtirish, talabalarni amaliyotga keng jalb etish va dual ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi. Mazkur tashabbuslar Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-yanvardagi “Oliy ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 14-son qarori bilan yangi bosqichga ko‘tarildi.

15.07.26 Praktika 2

Bugun ushbu islohotlarning amaliy natijalari oliy ta’lim muassasalari faoliyatida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) mazkur yondashuvni amaliyotga birinchilardan bo‘lib tatbiq etgan oliy ta’lim muassasalaridan biridir. Universitet tashkil etilgan ilk kunlardanoq ta’lim jarayoniga dual ta’lim tamoyillari izchil joriy etildi. Natijada talabalar birinchi kursdan boshlab o‘z mutaxassisligi bo‘yicha yirik sanoat korxonalari, xalqaro kompaniyalar, ilmiy laboratoriyalar, banklar, mehmonxonalar va ishlab chiqarish tashkilotlarida amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

SIUT uchun ishlab chiqarish amaliyoti o‘quv rejasidagi navbatdagi fan yoki majburiy bosqich emas.

Bu — talabani kelajak kasbi bilan ilk kundanoq yuzlashtiradigan, auditoriyada olingan bilimlarni real ishlab chiqarish muhitida sinovdan o‘tkazadigan va uni mehnat bozoriga tayyorlaydigan uzluksiz ta’lim tizimining ajralmas qismidir.

15.07.26 Praktika 3

Shu bois joriy yoz mavsumida universitetning barcha fakultetlari talabalari o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha O‘zbekiston va xorijdagi yetakchi korxona hamda tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tadi.

Amaliyot davomida talabalar faqat nazariy bilimlarini mustahkamlabgina qolmadi. Ular real ishlab chiqarish muhitida ishlash, texnologik jarayonlarni boshqarish, jamoada faoliyat yuritish, zamonaviy uskunalardan foydalanish, professional mas’uliyatni his qilish hamda ish beruvchilar kutayotgan amaliy kompetensiyalarni egallash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Muhandislik yo‘nalishlari talabalari zamonaviy sanoat korxonalari va laboratoriyalarda murakkab texnologik tizimlarning ishlash tamoyillarini o‘rgandi, texnik hujjatlar bilan ishlash, ishlab chiqarish xavfsizligi talablariga rioya qilish va zamonaviy uskunalarni boshqarish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egalladi.

Energetika va neft-gaz yo‘nalishlari talabalari elektr stansiyalari, burg‘ilash maydonlari va ishlab chiqarish obyektlarida bo‘lib, nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan boyitdi. Iqtisodiyot, logistika va biznes yo‘nalishlari talabalari esa banklar, kompaniyalar va biznes tuzilmalarida elektron hujjat aylanishi, moliyaviy tahlil, mijozlar bilan ishlash hamda boshqaruv jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Turizm yo‘nalishi talabalari xalqaro mehmonxonalarda xizmat ko‘rsatishning zamonaviy standartlarini o‘rgangan bo‘lsa, “School of Computing” va dizayn yo‘nalishlari talabalari real loyihalar ustida ishlab, buyurtmachilar bilan muloqot qilish, vazifalarni rejalashtirish, loyiha ustida jamoaviy ishlash va tayyor mahsulotni belgilangan muddatda topshirish jarayonlarida bevosita ishtirok etdi.

15.07.26 Praktika 8

Yozgi amaliyot geografiyasi esa universitetning xalqaro hamkorligi va sanoat bilan integratsiyasini yaqqol namoyon etdi.

Xususan, Xitoy energetika instituti talabalari Xitoyning Northeast Electric Power University oliy ta’lim muassasasida uch haftalik xalqaro yozgi ta’lim dasturida ishtirok etib, zamonaviy energetika texnologiyalari, atom energetikasi, gidroenergetika, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rgandi hamda innovatsion laboratoriyalarda amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdi.

15.07.26 Praktika 7

Kimyo muhandisligi yo‘nalishining 3-bosqich talabalari esa Samarqand xalqaro texnologiya universiteti hamda “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ Analitik laboratoriyalar majmuasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida zamonaviy laboratoriyalarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tab, xalqaro standartlar asosida faoliyat yurituvchi kimyoviy, mineralogik va instrumental tahlil laboratoriyalarida noyob tajriba orttirdi.

15.07.26 Praktika 6

Bundan tashqari, talabalar ERIELL, SANEG, China Datang kompaniyasining Bo‘ka quyosh fotoelektr stansiyasi, Silk Road Samarkand, Kapitalbank, Asaka Bank, Coca-Cola İçecek, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, Samarqand xalqaro aeroporti, Savdo-sanoat palatasi, Azia Metall Prof, Stekloplastik, Spektr Printing House, Kanspoligrafiya hamda boshqa ko‘plab yetakchi korxona va tashkilotlarda amaliyot o‘tab, kelajak kasbining barcha bosqichlarini bevosita ishlab chiqarish jarayonida o‘rgandi.

15.07.26 Praktika 9

Mazkur amaliyotning eng muhim natijasi esa talabalarning kasb haqidagi tasavvuri tubdan o‘zgarganidir.

Ular kelajakdagi faoliyatini endi kitoblar orqaligina emas, balki haqiqiy ishlab chiqarish muhiti orqali ham anglay boshladi. Ayrim talabalar xalqaro sertifikatlarga ega bo‘ldi, bir qismi doimiy ishga taklif etildi. Eng muhimi, ularning barchasi kelgusidagi professional faoliyati uchun bebaho tajriba to‘pladi.

Bugun SIUT bitiruvchisini boshqa yosh mutaxassislardan ajratib turadigan asosiy jihatlardan biri ham aynan shu — u diplom bilan birga real ishlab chiqarish tajribasiga ham ega bo‘ladi.

Bu esa universitetning “ta’lim — fan — ishlab chiqarish” integratsiyasiga asoslangan strategiyasining amaliy samarasidir.

Kelajak muhandisi, energetigi, kimyogari, iqtisodchisi yoki tadbirkori auditoriyada emas, ishlab chiqarish jarayonida shakllanadi.

Samarqand xalqaro texnologiya universitetida esa bu tamoyil shunchaki g‘oya emas, balki har bir talabaning kundalik ta’lim jarayonining ajralmas qismiga aylangan.

Chunki SIUTda amaliyot diplom olish uchun emas, kelajakni qurish uchun xizmat qiladi.