Skip to main content

SIUT talabalari Shanxaydagi Yozgi STEM maktabida Markaziy Osiyodan yagona delegatsiya sifatida ishtirok etdi

Bu yil Xitoyda o‘tkazilgan bir qator yozgi lagerlarda SIUT talabalarining faolligi sezilarli darajada oshgan. Avvalroq, biz “Issiqlik energetikasi” yo‘nalishi talabalarining Jilindagi Shimoli-Sharqiy elektroenergetika universitetida (NEEPU) an’anaviy yozgi lagerda ishtirok etgani haqida xabar bergan edik. Endilikda esa birinchi bosqich talabalari Xitoyning yangi mintaqasini zabt etmoqda.

2025-yil 13-iyulidan 25-iyuligacha Samarqand xalqaro texnologiya universiteti talabalari Sharqiy Xitoy fan va texnologiya universiteti (ECUST) tomonidan Shanxayda tashkil etilgan nufuzli STEM yozgi maktabida qatnashdilar. Talabalarimiz butun dunyodan yuzlab bo‘lajak muhandis va olimlarni birlashtirgan ushbu yirik xalqaro forumda Markaziy Osiyodan yagona vakil bo‘lishdi.

stem camp 3

Guruh tarkibi Parviz Sadullayev (Geomuhandislik), Shahram Vafokulov, Amal Obidov (har ikkalasi ham Neft va gaz muhandisligi), Azizbek Yunusov va Ulug‘bek Qahorovlar (ikkalasi ham Konchilik ishi) kabi iqtidorli talabalarimizdan tashkil topgan.

stem camp 5

Yozgi STEM maktabi dasturi markazida ilg‘or texnologiyalar olamiga sho‘ng‘ish bo‘ldi. Ishtirokchilar Osiyodagi eng yirik va eng kuchli hisoblash markazlaridan biri — Shanxay Superkompyuter Markazi (SSC)ga tashrif buyurishdi. Bu yerda ular yuqori unumli hisoblash tizimlarining ishlash jarayoni, ilm-fan va muhandislikdagi eng murakkab vazifalarni hal etishdagi roli bilan yaqindan tanishishdi. Shuningdek, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik bo‘yicha laboratoriyalar, hamda kvant hisoblash sohasidagi so‘nggi yutuqlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.

stem camp 8

stem camp 4

Bundan tashqari, talabalar vodorod energetikasi bo‘yicha texnologik yetakchi kompaniya Hydrexia zavodida bo‘lishdi. Ular bu yerda vodorodni saqlash va logistikasining ilg‘or yechimlari, jumladan, magniy-gidrid asosidagi noyob qattiq holat texnologiyasi bilan tanishishdi. Aynan shu yechim Hydrexia’ga vodorodning ilk xalqaro yetkazib beruvchilaridan biriga aylanish imkonini bergan.

stem camp 1

Dasturning bu qismi talabalarning dunyoqarashini kengaytiribgina qolmay, balki SIUTda o‘rganayotgan fundamental muhandislik fanlari kelajak texnologiyalarini yaratish uchun qanday qo‘llanilishi haqida amaliy tasavvur ham berdi.

stem camp 2

stem camp 7

Akademik mashg‘ulotlar bilan bir qatorda, dastur Shanxay bo‘ylab madaniy va ma’rifiy ekskursiyalar bilan boyitildi. Talabalar nafaqat shahar tarixini va zamonaviy me’morchiligini o‘rgandilar, balki turli davlatlardan kelgan tengdoshlari bilan do‘stona aloqalar o‘rnatdilar. Tajriba va g‘oyalar almashinuvi ularning xalqaro STEM maktabidagi ishtirokining muhim qismiga aylandi.

SIUT talabalari uchun Shanxay — Osiyoning eng yirik texnologik markazida bo‘lib o‘tgan ushbu dastur — global kelajak sari qo‘yilgan katta qadam bo‘ldi. Yozgi STEM lageri yoshlarga shaxsiy va kasbiy rivojlanish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda XXI asr chaqiriqlariga javob bera oladigan dunyoqarashni shakllantirish imkonini berdi. Bunday xalqaro tashabbuslar SIUTning nafaqat ichki, balki jahon mehnat bozorida ham raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash strategiyasining ajralmas qismi hisoblanadi.