SIUT talabasi SAT testiga tayyorgarlik ko‘rish uchun innovatsion platforma yaratdi
Texnologiya bilan imtihon stressini yengish mumkinmi? Samarqand xalqaro texnologiya universitetining “Computer Science” yo‘nalishida tahsil olayotgan 1-bosqich talabasi Azimxon Akobirov bu savolga amaliy javob topdi. U SAT xalqaro imtihoniga tayyorgarlik ko‘rish uchun onlayn ta’lim platformasini ishlab chiqdi.
Ushbu platforma nafaqat bilim olish jarayonini yengillashtirish, SAT kabi murakkab imtihonlarga tayyorlanayotgan, ammo ADHD (diqqat yetishmovchiligi va giperfaollik sindromi) kabi holatlar sabab o‘z imkoniyatini to‘liq namoyish eta olmayotgan yoshlar uchun mo‘ljallangan.
Loyiha g‘oyasi tasodifiy emas: Azimxonning yaqin do‘stlaridan biri boshidan kechirgan holat sabab yuzaga kelgan. Do‘sti a’lo baholarda o‘qiganiga qaramay, u imtihon kuni kuchli xavotir va diqqatni jamlay olmaslik tufayli kutilgan natijani ko‘rsata olmagan.
Bu voqea Azimxonni chuqur o‘ylantirdi: “Texnologiya — bu kod emas, bu imkoniyat. Uni insoniy ehtiyojlarga xizmat qiladigan vosita qilish bizning qo‘limizda,” — deydi u.
Yaratilgan platforma SAT testiga kompleks tayyorgarlikni ta’minlovchi quyidagi funksiyalarni o‘z ichiga oladi:
- real va model test materiallari bilan ishlash,
- o‘z rivojlanishini kuzatish,
- sun’iy intellekt yordamida individual maslahat olish,
- forumlar orqali muloqotga kirishish,
- reyting tizimi orqali raqobat muhitini yaratish imkonini beradi.
Platformaning yana bir muhim afzalliklaridan biri — to‘liq o‘zbek tilida faoliyat yuritishi bo‘lib, bu ko‘plab yoshlar uchun bilim olishni til to‘sig‘isiz, ochiq va qulay shaklda taqdim etadi.
Hozirda platforma “Innovative Centre” o‘quv markazida sinov rejimida foydalanilmoqda. Biroq yaqin orada u barcha SAT imtihoniga tayyorlanayotganlar uchun ochiq bo‘ladi. Ular o‘z bilimlarini qulay va moslashtirilgan muhitda sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
“Ta’lim bizdan yod olishni emas, muammo yechishni talab qilmoqda. Men bu platformani imtihon bosimi ostida o‘z salohiyatini ko‘rsata olmayotgan tengdoshlarimga yordam berish uchun yaratdim,” — deydi Azimxon Akobirov.

Uning tashabbusi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yuqori baholanib, 30-iyun – Yoshlar kuni tadbirida rasmiy taqdimot uchun tanlab olindi.
Azimxon 2024-yil yozida o‘tkazilgan I Xalqaro ijodkor yoshlar forumi doirasida SIUT rektori, professor Yusuf Abdullaev va uning ustozlaridan biri — Innovative Centre direktori Muhammadxon Soliev bilan bo‘lgan samimiy suhbatni eslaydi. Aynan o‘sha muloqot uni chuqur o‘zgartirdi:
O‘sha suhbatda ta’lim, yetakchilik va jamiyat oldidagi mas’uliyat haqida fikr almashdik. Aynan shu daqiqalarda men boshqalarga foyda keltiradigan qadriyatlar yaratish istagini his qildim va angladimki, ta’lim esa bu yo‘ldagi eng yuksak maydondir,” — deya ta’kidlaydi Azimxon Akobirov.
Ma’lumot uchun: Azimxon Akobirov SAT imtihonida 1600 balldan 1550 ball to‘plagan, IELTS natijasi 7.5 ball bo‘lib, SIUTda iqtidorli talabalar safida grant asosida tahsil olmoqda.
Ta’kidlash joizki mazkur loyiha — bu texnologiyani ijtimoiy tenglik va ta’limdagi inklyuzivlik sari yo‘naltirishga qaratilgan amaliy tashabbusdir. Talabalarimizning bu kabi tashabbuslari SIUTda shakllanayotgan yangi avlod fikrining, maqsadining va qadriyatining yorqin ifodasidir desak adashmaymiz.