Skip to main content

O‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari ta’limni Janubiy Koreyada davom ettirishadi

Ta’lim chegara bilmaydi. Bugungi kunda xalqaro miqyosda yuqori sifatli bilim olish imkoniyatlari tobora kengayib bormoqda. Samarqand xalqaro texnologiya universiteti ana shunday global imkoniyatlardan samarali foydalanib, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida faoliyat olib bormoqda.

Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston — 2030 to‘g‘risida”gi PF-158-son Farmoni bilan qabul qilingan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Davlat dasturi va “2022-2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish Strategiyasi” doirasidagi ijtimoiy loyihani amalga oshirish bo‘yicha 2024-yilning 13-may kuni “Gimcheon High School” va SIUT o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. Memorandumda qayd etilgan vazifalarni ijro etish maqsadida, SIUT tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj, “temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun Janubiy Koreyada o‘qish imkoniyatini beruvchi maxsus tanlov tashkil etildi. Ushbu tanlov natijasida 30 dan ortiq talabgorlar orasidan IQ (zehn testi) bo‘yicha yuqori natijalarni qayd etgan Mavlonbek Rabbimov (Urgut tumani), Rabbim Ravshanov (Ishtixon tumani), Ozodbek Yo‘ldoshev (Oqdaryo tumani), Umrbek Yo‘ldoshev (Kattaqo‘rg‘on tumani), Shoximardon Sharofov (Urgut tumani) – jami 5 nafar iqtidorli o‘quvchi saralab olinib, ular SIUT Vasiylik kengashi raisi B.Sh. Fazilovning maxsus grantiga sazovor bo‘ldilar. Tanlab olingan besh nafar o‘quvchi uchun 2024-yilning iyul oyidan 2025-yilning fevraliga qadar Samarqand xalqaro texnologiya universitetida matematika, koreys va ingliz tillari bo‘yicha maxsus bepul tayyorlov dasturi tashkil etildi hamda grant doirasida ularning yashashi va moddiy ta’minoti to‘liq qoplandi.

SIUTda tahsil olgan besh o‘quvchidan uch nafari 27-fevral kuni Janubiy Koreyaga jo‘nab ketadilar va 1-martdan boshlab “Gimcheon High School” maktabida o‘qishlarini davom ettiradilar. Qolgan ikki nafar o‘quvchi esa sentyabr oyidan tahsilni ushbu maktabda boshlaydilar.

Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 14-fevral sanasida yoshlar bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan ezgu g‘oyalarning amaliy ifodasidir. Muloqotda yurtboshimiz tomonidan kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yechimi ta’lim ekanligiga alohida urg‘u berildi.

“Kam ta’minlangan oilada hech bo‘lmaganda bitta farzand oliy ma’lumotli bo‘lishi zarur,” — degan edi davlatimiz rahbari yoshlar bilan uchrashuvda.

O‘z o‘rnida shuni alohida qayd etish joizki, hozirgi paytda “Gimcheon High School” maktabi bitiruvchilari nafaqat Janubiy Koreyadagi nufuzli oliygohlarda, balki jahonning yetakchi OTMlarda tahsil olmoqdalar.

gimcheon 2

2025-yilning 21-fevral kuni “Gimcheon High School” maktab direktor o‘rinbosari Lee Seung-min hamda o‘qituvchilar Moon Ki-young, Han Ji-seok va Kim Tae-soo’lardan iborat delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi. 22-fevral kuni esa Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev SIUT rektori prof. Yusuf Abdullayev boshchiligidagi universitet rahbariyati hamda “Gimcheon High School”dan tashrif buyurgan delegatsiya vakillari va ushbu maktabning bo‘lajak o‘quvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

gimcheon 3

Muloqot chog‘ida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti hamda “Gimcheon High School” maktabi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarining Janubiy Koreyadagi nufuzli maktabda uch yil tahsil olishi bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolanganligi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

 “O‘zbekiston va Koreya xalqlarini qadimiy do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. Ta’lim sohasidagi bugungi hamkorlik esa har ikki mamlakat uchun manfaatlidir. Bu kabi amaliy harakatlarni birgalikda yanada rivojlantirish va yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida hamkorlik qilishdan doimo mamnunmiz”, — deya ta’kidladi Adiz Boboyev.

gimcheon 1

“Ushbu dastur orqali o‘quvchilar Janubiy Koreyada sifatli ta’lim olish imkoniga ega bo‘lishmoqda. Biz samarqandlik yoshlarni qabul qilishga doim tayyormiz”, — dedi “Gimcheon High School” maktabi direktori o‘rinbosari Seung Min Li.

Shuningdek, SIUT rektori professor Yusuf Abdullayev bu an’ananing davom ettirilishini hamda viloyatdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bu yil ham may oyida saralash bosqichlari o‘tkazilishini alohida qayd etdi.

gimcheon 4

Uchrashuv yakunida 5 nafar o‘quvchiga viloyat hokimi tomonidan rasmiy sertifikatlar topshirildi. Ushbu tashabbus, shubhasiz, yoshlarimizga kelajakdagi muvaffaqiyatli faoliyatlari uchun yangi imkoniyatlar eshiklarini ochib, ularning O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shishlariga zamin hozirlaydi.

Ma’lumot uchun: 1931-yilda tashkil etilgan “Gimcheon High School” maktabida Xitoy, Malayziya, Vyetnam kabi davlatlardan ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari tahsil olmoqdalar. Joriy yildan esa ilk bor o‘zbekistonlik o‘quvchilar ushbu maktabga qabul qilinyapti.