SIUT va “Science and Innovation”: ilm-fan taraqqiyoti uchun ufqlar
Joriy yilning 20-yanvar sanasida “Science and Innovation” kompaniyasi delegatsiyasi Samarqand xalqaro texnologiya universitetiga rasmiy tashrif buyurdi. Uchrashuvda SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev mehmonlarga SIUT Vasiylik kengashi raisi – B.Sh. Fazilov rahbarligi ostida universitetning tashkil etilish tarixi, faoliyati, erishgan muvaffaqiyatlari hamda kelgusi rejalari xususidagi taqdimotni namoyish etdi. Shuningdek, rektor talabalar uchun taqdim etilayotgan imkoniyatlarni, jumladan, 2+2 dasturi doirasida xorijda ta’limni davom ettirishlari mumkinligi xususida ham batafsil ma’lumot berdi.

Delegatsiya dunyoning nufuzli oliy ta’lim muasassalari va tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishgach, universitet faoliyati, mavjud salohiyatni yuqori baholadi. Mehmonlar SIUTning yaqin yillarda mintaqadagi eng ilg‘or va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biriga aylanishiga katta ishonch bildirishdi.

Shuningdek, tashrif davomida ikki tashkilot o‘rtasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev va “Science and Innovation” MChJ direktori Bahodir Rustamov tomonidan hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv SIUTda ilm-fan va innovatsiyalarini rivojlantirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning xalqaro miqyosda ilmiy tadqiqotlarini olib borish uchun yangi ufqlarni ochadi.
Memorandumni imzolashdan ko‘zlangan maqsad: SIUT hamda “Science and Innovation” MChJ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-oktabrdagi “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-6097-son Farmoni ijrosini ta’minlash, mamlakatimizda yuqori malakali ilmiy va muhandis kadrlar tayyorlash hamda ularni ilmiy faoliyatga yo‘naltirish, xalqaro anjumanlar, simpoziumlar va forumlarni tashkil etish, talaba-yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yuksaltirish, tadqiqotchilarni rag‘batlantirish hamda faoliyatini qo‘llab-quvvatlashdir.
Shuningdek, hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- “O‘zbekistonning taniqli olimlari” ensiklopediyasini nashr etishda hamkorlik;
- “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali tahrir hay’atini shakllantirishda SIUT professor-o‘qituvchilarini jalb qilish;
- SIUT professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv qo‘llanmalar, monografiyalar va darsliklarni chop etishda ko‘maklashish;
- Ilmiy loyihalar uchun grantlar va moliyaviy manbalarni izlashda hamkorlik;
- Turli sanoat sohalariga ixtisoslashgan mutaxassislik tarmoqlariga universitet jamoasining a’zoligini ta’minlash;
- O‘z sohalaridagi tajriba va ilmiy-amaliy salohiyat asosida konsultativ xizmatlarini taqdim etish.
“Science and Innovation” MChJ direktori Bahodir Rustamov ilmiy nashrlar, konferensiyalar va loyihalarni amalga oshirishda SIUT bilan yaqin hamkorlik qilishga tayyorligini ta’kidladi. Bu hamkorlik yangi ilmiy yutuqlar, innovatsion yechimlar va xalqaro miqyosda O‘zbekistonning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun: 2025-yil arafasida “SCIENCE AND INNOVATION” ilmiy festivalida forumning tashkiliy qo‘mitasi tomonidan SIUT “Yilning eng yaxshi nodavlat ta’lim musassasi nominatsiyasi finalisti” unvoni va maxsus diplom bilan taqdirlandi hamda ikkinchi o‘rinni egallab, kuchli uchlikdan o‘rin oldi.