Skip to main content

SIUT Samarqanddagi o‘quv markazlari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

Joriy yilning 25-aprel kuni Samarqand shahridagi “Innovative Centre” o‘quv markazi tashabbusi bilan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti xorijiy professor-o‘qituvchilarining markaz o‘quvchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev yig‘ilganlarga ikki yil davomida universitetda amalga oshirilgan ishlar, yutuqlar hamda universitetning ta’lim yo‘nalishlari va istiqboldagi rejalari haqida batafsil to‘xtaldi. Ayniqsa, uchrashuv davomida xorijlik professor-o‘qituvchilar: Koreya texnologiyasi va madaniyati instituti dekani prof. Sungdon Hwang (Koreya Respublikasi), Xitoy energetika instituti dekani – prof. Liu Chuang (Xitoy Xalq Respublikasi), Tillar markazi direktori – professor Joseph Stark (AQSh) hamda professor Brahim Fezzani (Tunis), professor Mohammed Awad (Kanada) kabi professor-o‘qituvchilarning chiqishlari yig‘ilganlarga katta qiziqish uyg‘otdi va o‘quvchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.

ic5

ic7

ic8

Uchrashuvni amaliy natijasi o‘laroq, SIUT va “Innovative Centre” o‘rtasida SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev va  mazkur o‘quv markaz direktori Muhammadxon Soliyev tomonidan hamkorlik memorandumi imzolandi.

ic2

Ushbu anglashuv memorandumining imzolanishi tomonlarning ta’lim sohasidagi innovatsion kashfiyotlar va yutuqlarga qaratilgan loyihalarda o‘zaro hamkorlik qilishlari uchun yangi sahifalarni ochadi.

Memorandumning imzolanishi nafaqat o‘quv dasturlarini modernizatsiya qilish, balki SIUTda o‘qishni davom ettirish istagidagi markazning eng iqtidorli va ilg‘or o‘quvchilarining kelgusida universitetda ta’lim olishlari uchun mos sharoit va imkoniyatlarni yaratishni ko‘zda tutadi.

Maqsad har bir muassasaning tajriba, bilim va resurslarini o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish o’quvchi aqliy va kasbiy rivojlanishga ko‘maklashish uchun birlashtirishdan iborat.

Tomonlar memorandum doirasida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdilar:

  • “Augmented Reality – AR”, “Virtual Reality – VR” va “gamification” (o‘yinlashtirish) kabi zamonaviy texnologiyalar yordamida ingliz tilini o‘qitish va o‘rganishning innovatsion usullaridan foydalanishga yo‘naltirilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish;
  • Ikki tomon professor-o‘qituvchilari va talabalari o‘rtasida innovatsion o‘qitish uslublari va til o'rganish ko‘nikmalarini almashishni rag‘batlantiruvchi  almashinuv  dasturlarini ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlashda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish. Ushbu dastur doirasiga qisqa muddatli tashriflar, yozgi/qishki maktablar va ingliz tili kurslari kiradi.
  • Kutubxona fondlaridan o‘zaro foydalanishga yo‘naltirilgan hamkorlik, jumladan, kitoblar, darsliklar, raqamli materiallar, onlayn resurslar va boshqalar. Bundan tashqari, qo‘shma kutubxona ochish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
  • Tomonlarning hamkorlikda turli yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalarda ishtirok etishlari uchun platforma yaratish maqsadida ilmiy klub tashkil etish rejalashtirilgan.
  • Xalqaro standartlar asosidagi til bilish sertifikatlarini  olish uchun til bilish darajasini aniqlovchi test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik.

“Ikkala tomonning qo‘llab-quvvatlashi va qarashlari bilan biz, shubhasiz, o‘quv muhitimizni boyitamiz va yangi imkoniyatlar eshiklarini ochadigan tashabbuslarni boshlashga tayyormiz”, deydi “Innovative Centre” o‘quv markazi direktori.