SIUTda Kompyuter fanlari klubi ochildi
Mehnat bozorida tobora ommalashib borayotgan axborot texnologiya yo‘nalishining barcha sohalarida talab yuqori hamda ko‘plab kompaniya va tashkilotlar raqamli tizimda faoliyat olib bormoqda. Butun dunyoda kreativ, zamon bilan hamnafas, kompyuter fanlari bo‘yicha ko‘nikmalarga ega yoshlar boshqalarga qaraganda yuqori daromad sohiblari hisoblanadi.
Aynan shu maqsadlarda SIUTda “Axborot texnologiyalari” (Computer Science) yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo'lga qo'yilgan bo'lib, mazkur oliygohda o‘quv jarayoniga ko‘p yillik tajribaga ega xorijlik professor-o'qituvchilar va mutaxassislar jalb etilgan.
Universitet “Computer Science” yo‘nalishi professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan 15-fevral “World Computer Day” (Butunjahon kompyuter kuni) munosabati bilan tadbir tashkil etildi.


Tadbirda universitet jamoasidan tashqari IT sohasi mutaxassislari, shu jumladan, Google Developer Groups Samarkand vakili Jafarbek O‘lmasov hamda RealSoft kompaniyasi rahbari Zarif Naxalovlar ham ishtirok etdilar. Mutaxassislar O‘zbekiston va jahondagi IT yangiliklari, sohadagi tajribalari va barcha turdagi muammolarni hal qilishda IT ko‘nikmalari qanchalik muhimligi haqida gapirib berdilar.

“Computer Science” yo‘nalishi dekani, professor Mohammed Gouse Galety tadbirni kirish so‘zi bilan ochib berib, barchani ushbu kun bilan tabriklab, kunning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi; sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohasidagi ilg‘or innovatsiyalar haqida xabar berdi. Bundan tashqari, professor universitetda axborot texnologiyalar sohasiga qiziquvchilar uchun “Al-Xorazmiy kompyuter fanlari klubi” (“Al-Khwarizmi Computer Science Club”) faoliyat boshlaganini e’lon qildi.
Shuningdek, tadbir davomida universitet professori Shirin Noekhah tomonidan “What is World Computer Day?” mavzusida taqdimot qilinib, sana tarixi, sohaning bugungi kundagi ahamiyati haqidagi qimmatli ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.
Bundan tashqari, tadbir talabalar tomonidan tayyorlangan taqdimotlar hamda viktorinalar bilan ham boyitildi.

Ma’lumot o‘rnida: “World Computer Day” har yili 15-fevralda o‘tkaziladigan kompyuterlarning ijobiy afzalliklariga bag‘ishlangan global bayramdir. Ushbu sana ENIAC 1946-yilda dunyodagi birinchi elektron, dasturlashtiriladigan kompyuterini ishga tushirish sanasi boʻlgani uchun tanlangan.