Skip to main content

SIUT mehmoni yaponiyalik taniqli fotograf Jin Akino bo‘ldi

SIUTda yaponiyalik mashhur fotograf-usta, “Samarqandiyona” ensiklopedik loyihasi ishtirokchisi Jin Akino bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Jin Akino uchrashuv davomida universitetning bugungi kuni va rivojlanish istiqbollari, muallif asarlarini o'zida jamlagan “Samarqand barcha qit’alarda” mavzusidagi ko‘rgazma eksponatlari bilan yaqindan tanishdi. Jin Akino ijodiga oid asarlar “Samarqand: madaniyatlararo muloqot makonida shahar qiyofasi. Xorijiy Samarqandiyona ensiklopediyasi” (SIUT tahriri, 2022-2023) kitobi sahifalaridan o‘rin olgan.

ja1

Professional fotograf Jin Akino qator xalqaro tanlovlarda ishtirok etgan hamda International Photography Awards (AQSh), Le Prix de la Photographie de Paris (Fransiya) kabi mufokotlar bilan taqdirlangan. Uning ijodi asosan Buyuk ipak yo‘lida joylashgan mamlakatlar tabiati, me’morchiligi va madaniyatiga bag‘ishlangan. U o‘z fotoasarlarini turli madaniy tadbirlarda, shuningdek, bosma va elektron OAVda taqdim etgan. Bundan tashqari, fotograf YUNESKO va Yaponiya Milliy axborot fanlari instituti tomonidan Ipak yo‘li bo‘ylab madaniy merosning raqamli arxivlarini yaratish maqsadida o‘tkazilgan “Digital Silk Road Project” loyihasida ham faol ishtirok etgan. 2007-yilda Samarqand shahrining 2750 yilligini nishonlash munosabati bilan bir vaqtda Samarqand va Tokioda uning “Samarqand me’moriy go‘zalligiga sayohat” nomli fotosuratlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Oʻsha yildan buyon Jin Akino “Samarqandiyona” xalqaro ensiklopedik loyihasining ishtirokchisi hisoblanadi.

Universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev bilan suhbat chog‘ida 2024-yilda universitetning yangi kampusida Jin Akinoning shaxsiy ko‘rgazmasini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Faxriy mehmonning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ko‘rgazmasidan dunyoning turli burchaklarida, jumladan, O‘zbekistonda suratga olingan eng sara asarlar o‘rin oladi.

Uchrashuv yakunida Jin Akino Yaponiyaga qaytgach, 2024-yili SIUTda ochilishi rejalashtirilgan qo‘shma foto-san’at loyihasining tayyorgarlik ishlariga kirishishini ma'lum qildi.