SIUTda Konstitutsiya kuni nishonlandi
Konstitutsiya — mustaqillikni mustahkamlovchi, inson va uning huquqlarini oliy qadriyat sifatida belgilab beruvchi me’zon, xalq xohish-irodasi va istaklarini o‘zida ifoda etuvchi huquqiy asosdir.
Joriy yilning 6-dekabrida SIUTda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan, talabalarni Asosiy qomusimizning asoslari bilan yaqindan tanishtirish, huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida “Konstitutsiya — baxtimiz qomusi” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Davlat madhiyasi ijrosi va joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan xalq referendumi yakunlariga ko‘ra qabul qilingan Konstitutsiyaning yangi tahririga alohida e’tibor qaratilgan videorolik namoyishi bilan boshlandi. Tadbir SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev kirish so‘zi bilan boshlanib, unda rektor universitet talabalari, xodimlari va professor-o‘qituvchilarini Konstitutsiya kuni bilan tabrikladi. U o‘z nutqida ushbu kunning ahamiyatiga to‘xtalib, bosh qomusimizning yaratilish tarixi va uning turmushimiz farovonligini yuksaltirishning asosiy huquqiy kafolati ekanligiga alohida urg‘u berdi.


Tadbirda Xalq demokratik partiyasi vakili sifatida O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik hujjatlarini tayyorlashda faol ishtirok etgan, yirik huquqshunos Botir Qoraxoʻjayev “Konstitutsiya fuqarolarning huquqiy va iqtisodiy manfaatlarini himoya qiladi” nomli ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Botir Qoraxoʻjayevning ma’ruzasida tadbirkorlik faoliyatining muhim jihatlari, so‘nggi paytlarda tadbirkorlikka qaratilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar va qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlarga oid qimmatli ma'lumotlar berildi. Huquqshunos tomonidan talabalarni qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar berildi.


Tadbir yakunida ishtirokchilar SIUT professori - “Shuhrat” medali sovrindori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira Xosiyat Bobomurodova va SIUT Ma’naviyat va ma’rifat boʻlimi boshligʻi Zulfiya Rashidovalarning Vatan madhini tarannum etuvchi she’r va qoʻshiqlaridan bahramand boʻldilar.