Slovakiyaning Xalqaro munosabatlarni rivojlantirish instituti bilan aloqalar o‘rnatildi
Janob Marian Uricek rahbarlik qilayotgan Xalqaro munosabatlarni rivojlantirish instituti (XMRI, Slovakiya Respublikasi) delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan SIUT universitetida bo‘ldi. Slovakiya delegatsiyasi tarkibida janob Jan Bory (XMRI vitse-prezidenti) va janob Tomas Purgi (XMRI bosh direktori) ham bor edi. Xalqaro munosabatlarni rivojlantirish instituti vakillari SIUT faoliyati, universitetning fan, madaniyat va ta’limda erishayotgan yutuqlari, shuningdek, universitetning xalqaro aloqalarni kengaytirish bo‘yicha strategik rejalari bilan tanishdilar.
Ma’lumot uchun: Xalqaro munosabatlarni rivojlantirish institutining asosiy maqsadi: Slovakiya Respublikasi va xalqaro hamjamiyat mamlakatlari o‘rtasida ta’lim, madaniyat va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishdir. Bugunga qadar XMRI ta’lim sohasidagi hamkorligi doirasida, Slovakiyada xorijlik talabalar uchun o‘quv dasturlari, akademik almashuv xizmati, fan va tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash kabi loyihalarni tayyorlab, amalga oshirmoqda.
Bundan tashqari, XMRI delegatsiyasi tomonidan SIUT va Yevropadagi yetakchi oliygohlar, ixtisoslashgan tashkilotlar va kompaniyalar oʻrtasida aloqalarni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, Erasmus+ doirasidagi turli dasturlar va xalqaro Yevropa “start up” loyihalarida ishtirok etish kabi masalalari muhokama qilishga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, texnik, ilmiy, madaniy-ma’rifiy, tadbirkorlik, biznes va boshqa sohalarni qamrab olgan qator qoʻshma dasturlari ham taqdim etildi.


Muzokaralar yakunida SIUT va Xalqaro munosabatlarni rivojlantirish instituti (XMRI) oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi, tomonlar esdalik sovg‘alari almashdilar. Slovakiya delegatsiyasi, o‘z navbatida, SIUT kutubxona fondiga Shtefan Kasshay muallifligidagi tadbirkorlik va menejmentga oid 5 jildlik “Korxona va tadbirkorlik” kitoblar to‘plamini hadya qildi.
