SIUT jamoasi “Samarkand Marathon”da faol ishtirok etdi
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan joriy yilning 4-5-noyabr kunlari Samarqandda yilning eng kutilgan sport va sayyohlik voqeasi – “V International Samarkand Marathon” xayriya yugurishi musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Xayriya yugurishida boshqa sport ixlosmandlari qatori SIUT jamoasi ham 2 km, 5 km, 10 km masofalari bo‘yicha yugurish musobaqalarida faol ishtirok etdi.

Ishtirokchilar orasida universitetning mahalliy professor-o‘qituvchilaridan tashqari, AQSh, Italiya, Xitoy, Hindiston, Kanada, Eron, Avstraliya, Jazoir, Kamerun, Janubiy Koreya va Janubiy Afrikalik professorlari ham bor.
Turli masofalar uchun startlar ikki kun mobaynida quyidagicha amalga oshirildi: 2 km, 5 km, 10 km, 21 km va 42 km. Qiziqarlisi, marafon barcha yoʻnalishlarda Samarqandning tarixiy qismlarini qamrab oldi. Start va finish chiziqlari Registon maydoni hududida joylashdi. Ishtirokchilar shaharning markaziy ko‘chalari bo‘ylab, tarixiy obidalar yon bag‘ridan yugurib o‘tdilar. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Janubiy Akfrikalik SIUT professori Annemarie Basson 2km masofani bosib o'tib, 1-darajali diplom bilan taqdirlandi.

Musobaqadan so‘ng xorijlik professor-o‘qituvchilar marafon taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar. Mohammed Gouse Galety, professor (Hindiston):
Marafon ajoyib sport tadbiri va men unda birinchi marta ishtirok etib, 2 km masofaga yugurdim. Nazarimda bunday sport tadbirlarida qatnashish orqali inson jismonan, ham ruhiy jihatdan sinovdan o‘tadi va doimo kelajakka dadil qadamlar bilan intilish, oldinga yurish zarurligini bizga eslatib turadi.
Mohammed Kaabar, professor (Falastin):
Dunyoning o‘ndan ortiq davlatida bo‘lganman, ammo ilgari bunday marafonlarda ishtirok etmagandim. O‘zbekiston (Samarqand marathon)da birinchi marta marafonda qatnashyapman va bugun bu men uchun ajoyib tajriba bo‘ldi. Keyingi yillarda ham O'zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Marafon tadbirlarida albatta ishtirok etaman.
Younghun Jung, professor (Janubiy Koreya):
Men jamoadoshlarim va talabalarimiz ishtirok etgan ushbu marafonda oila a’zolarim bilan qatnashganimdan juda mamnunman.
Jimbo Henry Claver, professor (Kamerun):
Marafon o‘z vaqtida tartibli tashkil etildi va atmosfera juda ajoyib edi. Men talabalar va jamoadoshlarim bilan 10 km masofaga yugurdim. Musobaqada yoshlardagi bir-birini ruhlantirish, marraga yetish uchun jamoaviy harakatlar va ular o‘rtasidagi ahillik menda iliq taassurot qoldirdi. E’tiborlisi, marafondan tushgan mablag‘lar savobli ishlar uchun sarflanishi bo‘ldi.
Ma’lumot uchun: Samarkand Marathon 2019-yildan buyon har yili xayriya missiyasi bilan o‘tkazib kelinadi. 2023-yildagi xayriya marafonining maqsadi – tushgan barcha mablagʻlar bolalar uchun sport maydonchalarini qurishga yoʻnaltiriladi. Shuni alohida qayd etish joizki, bu yilgi marafon dasturiga ilk marotaba eshitish va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan shaxslarning poygasi ham kiritilgani bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, tadbir butun dunyodan 5 mingdan ziyod ishtirokchilarni qamrab olishni mo‘ljallagan.



