Skip to main content

SIUT professori xalqaro grant sohibi

SIUT professorlari turli ilmiy loyihalari bilan xalqaro grant dasturlarida munosib ishtirok etmoqdalar. Universitet professor-o‘qituvchilarining nufuzli xalqaro ilmiy loyihalardalardagi ishtiroki ular uchun xalqaro maydonlarda sohaga oid o‘z ilmiy qarashlarini bayon etish, ilmiy yangiliklarni amalda tatbiq qilish, malakali muhandis kadrlar tayyorlash hamda xalqaro aloqalarni mustahkamlash yo‘lida yangi imkoniyatlarga zamin yaratadi.

Ilmiy tadqiqotlar olib borish va nashrlarni rag‘batlantirish maqsadida, dunyoning TOP-100 ta universitetlaridan biri (QS ma’lumotlariga ko‘ra 2023-yilda 65-o‘rinda) Malayziya universiteti (Universiti Malaya) tomonidan SIUT professori Muhammad Kaabarga 2 yilga mo‘ljallangan ilmiy grant ajratildi. Mazkur grant professorning “Singular yadroli differentsial tenglamalar tizimlarining analitik va raqamli yechimlari” (Analytical and Numerical Solutions to Systems of Fractional Differential Equations with Singular Kernel) loyihasini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Shuningdek, professor Kaabar Malayziya universitetiga xorijlik tadqiqotchi sifatida ham taklif etilgan.

Professor Muhammad Kaabar Xalqaro muhandislik va texnologiya instituti (IETI - International Engineering and Technology Institute) aʼzosi, Sharja Amerika universiteti (BAA) va Vashington universiteti (AQSh) bitiruvchisi, Malayziya universitetida PhD dissertatsiyasini himoya qilgan. Bundan tashqari, professor Kaabar Stanford universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning eng yaxshi 2% olimlari qatoriga ham kiritilgan.

Bunday ilmiy yutuqlar SIUT ilmiy salohiyatiga salmoqli hissa qo‘shib, talabalar va yosh tadqiqotchilarni yangi ilmiy kashfiyotlar va yutuqlar sari undaydi. 2023-yil yakuniga ko‘ra, universitet O‘zbekistondagi universitetlar orasida Scienceweb reytingida 5-o‘rinni egallab turibdi.