Yangi o‘quv yili boshlandi
Samarqand xalqaro texnologiya universitetida 4-sentabrdan boshlab 1-bosqichga qabul qilingan hamda yuqori bosqich talabalari uchun yangi o‘quv yili boshlandi. Yangi oʻquv yilining boshlanishi munosabati bilan SIUTga o‘qishga qabul qilingan talabalar va ularning ota-onalari uchun 4-sentabrdan 8-sentabrga qadar “Tanishtiruv haftaligi” tadbirlari bo‘lib o‘tadi.

Respublikamizning barcha oliy taʼlim muassasalarida yangi oʻquv yilining boshlanishiga puxta hozirlik koʻrildi va 4-sentabrdan boshlab 1-bosqichga qabul qilingan hamda yuqori bosqich talabalari uchun tanishtiruv darslari boshlandi.
Shu munosabat bilan SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev tadbirda so‘z olib, talabalikka tavsiya etilgan yoshlarni samimiy qutladi hamda ularning ta’lim jarayonlari va kelgusidagi faoliyatilarida muvaffaqiyatlar tiladi. Tadbirda SIUTning bir guruh xorijiy va mahalliy professor-o‘qituvchilari: SIUT birinchi prorektori, professor Giuseppe Sapienza, SIUT Xorijiy tillar markazi direktori, professor Joseph Stark, SIUT professori Jimbo Henrilar talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan yoshlarni samimiy muborakbod etdilar. So‘zga chiqqanlar mazkur oliy ta’lim muassasida yoshlarning sifatli ta’lim olishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar xususida gapirib, barqaror taraqqiyot rivoji bilimli kadrlar qo‘lida ekanligini alohida ta’kidladilar. Bundan tashqari, universitetning “O‘zbek tili va madaniyati markazi” katta o‘qituvchisi Zulfiya Rashidovaning istiqlolni madh etuvchi taronasi va birinchi kurs talabalari Xurshid Sobirov va Yelena Lashukning tengdoshlariga aytilgan samimiy tabriklari barchaning e’tibor markazida bo‘ldi.

Oliygohda tashkil etilgan tadbirlar orqali talabalar universitet faoliyati, dars jarayonlari, professor-o‘qituvchilar tarkibi, talabalar klublari bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur tanishtiruv haftaligida xalqaro tajribaga ega trener Gulnara Emirali tomonidan barcha ta’lim yo‘nalishlariga “learn to learn” trening kursi o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun: SIUTga AQSh, Italiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Tunis, Eron, Qozog‘iston va Janubiy Afrikaning taʼlim va ilmiy-texnika markazlarida faoliyat olib borayotgan yetakchi professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar ta’lim jarayonlari uchun taklif etilgan. Universitetda o‘quv rejalar va dasturlari jahon ta’lim standartlari asosida xorijiy texnika universitetlari bilan hamkorlikda yaratilgan va darslar to‘liq ingliz tilida olib boriladi.

2023-2024-oʻquv yiliga bakalavriat yo‘nalishida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun jami 275 ta kvota ajratilgan. Talabalikka qabul qilish quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirildi:
MUHANDISLIK:
- Geologiya va Konchilik ishi;
- Kimyo muhandisligi;
- Neft va gaz muhandisligi
- Axborot texnologiyalari.
TADBIRKORLIK:
- Tadbirkorlik va menejment;
- Xalqaro logistika (AQSh oliy ta’lim dasturi asosida).
XITOY ENERGETIKA INSTITUTI:
- Issiqlik energetikasi (Xitoy oliy ta’lim dasturlari asosida).
KOREYA TEXNOLOGIYASI VA MADANIYATI INSTITUTI:
- Qayta tiklanadigan energiya manbalari (“Yashil” texnologiyalar);
- Dizayn;
- Raqamli iqtisodiyot.

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti Media Markazi