Yaxshi kitob - sifatli ta'limning asosi
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti kutubxonasi yangi turdagi noyob kitoblar jamlanmasi bilan boyitildi.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butun jahon jamiyati boshqaruv raisi Firdavs Faridunovich Abduxoliqov “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi 50 ta kitob-albom to‘plamni shaxsan universitetimiz uchun tuhfa qildi.
Universitet jamoasi va talabalar ushbu kitoblar orqali tariximizni chuqur o‘rganish, xorijda saqlanayotgan muzey kolleksiyalari bilan tanishish imkoniyatlariga ega bo‘lishadi. Alohida ta’kidlash joizki, kitoblarda nafaqat jahondagi xorijiy muzeylarda saqlanayotgan narsa-buyumlar haqida aytib o‘tilgan, balki ularda ilk bor madaniy ashyolar sifatida qayd etilayotgan milliy merosimiz to‘g‘risida ham ma’lumotlar bor.
Mazkur loyihaga “ERIELL” Guruhi olti yildan buyon homiylik qilib kelmoqda. Loyiha doirasida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi 50 jildlik kitob-albom to‘plami o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr etilgan. Bu kitoblar O‘zbekiston madaniy merosi durdonalari haqida qimmatli ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ular dunyoning ko‘plab davlatlaridagi muzey kolleksiyalariga bag‘ishlangan. Shu bilan birga, ushbu to'plamlar haqida 30 dan ortiq hujjatli filmlar suratga olingan. Bu kitoblarning yana o‘n jild nashrga tayyorlanmoqda.