Skip to main content

“Bir nuroniy — o‘n yoshga mas’ul” tamoyili amalda

Samarqand xalqaro texnologiya universitetiga O‘zbekiston Respublikasi “Nuroniy” jamg‘armasi hamda viloyat bo‘limi tashabbusi bilan Urgut tumanining bir guruh nuroniylari va yoshlari tashrif buyurishdi.

Mazkur tashrif mamlakatimizda keng ommalashgan “Bir nuroniy — o‘n yoshga mas’ul” tamoyili doirasida avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prikni mustahkamlash va yoshlarni zamonaviy ilm-fanga yo‘naltirish maqsadida tashkil etildi.

Tadbir davomida mehmonlar SIUTda talabalarning xalqaro standartlar darajasida ta’lim olishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Universitetning xalqaro maqomi, xorijiy professor-o‘qituvchilar tarkibi va talabalar uchun yaratilgan keng qamrovli imkoniyatlar tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

nuroniy 4

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruvi bo‘lim boshlig‘i Majidxon Umarov universitetda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

“Bugun SIUT misolida Yangi O‘zbekistonning intellektual salohiyatini belgilab beruvchi muazzam ilm maskaniga guvoh bo‘ldik. Bizning ‘Bir nuroniy — o‘n yoshga mas’ul’ tamoyili asosida yoshlarimizni mana shunday nufuzli dargohlarga boshlab kelishimizdan ko‘zlangan asosiy maqsad — ularning qalbida ilmga tashnalik va vatanparvarlik tuyg‘usini uyg‘otishdir. Bunday yuksak sharoitlarda kamol topgan yoshlar, shubhasiz, milliy iqtisodiyotimizning tayanchi va taraqqiyotimiz drayverlari bo‘lib yetishadi”.

nuroniy 1

Viloyat “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Shuhrat Negmatov ham oliygohdagi sharoitlarni e’tirof etib, bu kabi uchrashuvlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirishda beqiyos ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

nuroniy 6

nuroniy 5

nuroniy 2

Samimiy ruhda kechgan muloqotlar davomida nuroniylar o‘z hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, yoshlarga ilm yo‘lida charchamaslik va yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish bo‘yicha o‘z nasihatlarini berdilar.