Skip to main content

SIUT talabalari “YANGI SAMARQAND” tadbirkorlik web-portalini yaratmoqda

2026-yilning 13-fevral kuni “Ishbilarmonlarning “YANGI SAMARQAND” hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashuvchi jamoat fondi” tomonidan tashkil etilgan onlayn platforma web-saytini ishlab chiqish bo‘yicha keng ko‘lamli tanlovning birinchi bosqich natijalari sarhisob qilindi.

Tanlovda universitetimizning “School of Computing” fakulteti barcha bosqich talabalari o‘zaro bellashdilar. Fond vakillari va sohaning yetuk IT-mutaxassislaridan iborat ekspert komissiyasi taqdim etilgan prototiplarni sinchiklab tahlil qildi. Baholash jarayonida faqatgina UX/UI-dizayn va tashqi ko‘rinishi emas, balki tizimning funksionalligi, kengayish imkoniyatlari hamda “YANGI SAMARQAND” fondining bosh maqsadlariga muvofiqligiga alohida e’tibor qaratildi.

Loyihaning asosiy maqsadi — viloyat tadbirkorlik muhitining raqamli brendini yaratish edi. Shu bois, talabalardan ma’lumotlarni uch tilda (o‘zbek, rus va ingliz) taqdim etuvchi, nafaqat zamonaviy dizayn, balki yuksak texnologik yechimlarni o‘zida mujassam etgan mukammal portal g‘oyasini shakllantirish talab etildi.

Portalning tuzilmasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

    • Korxonalarning interaktiv ma’lumotlar bazasi;
    • Loyihalarni tarmoqlar bo‘yicha tizimlashtirish;
    • Tashkilotlar faoliyati haqidagi hisobotlarni e’lon qilish.

Ayniqsa, sanoat loyihalari bo‘limiga alohida urg‘u berilgan: mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining onlayn-ko‘rgazmasi investorlar va hamkorlar topishda samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi. Texnik topshiriqdan, shuningdek, “Made in Samarkand” katalogi, korporativ boshqaruv bo‘limlari, startaplar uchun interaktiv bloklar va moliyalashtirilgan ijtimoiy loyihalar reyestri kabi murakkab tuzilmalar o‘rin olgan.

award 1

Tanlov natijalariga ko‘ra shohsupadan quyidagi iqtidorli talabalarimiz joy oldilar:

1-o‘rin: Avaz Yo‘ldoshev;
2-o‘rin: Hasan Zikriyoyev va Bahriddin Baxrilloyev;
3-o‘rin: Umedjon Sattorov (barchasi “School of Computing” 3-bosqich talabalari).

Loyihaning ko‘p qirrali ekanligini hisobga olib, hay’at a’zolari g‘olib talabalardan iborat yaxlit web-dasturchilar jamoasini shakllantirishga qaror qildi. Bunday qaror har bir ishtirokchining kuchli salohiyatini birlashtirish orqali portalni ishga tushirish jarayonini maksimal darajada optimallashtiradi.

Endilikda shakllantirilgan talabalar jamoasi SIUTning xalqaro ekspertlari va “School of Computing” fakulteti professorlari ko‘magida portalni loyihalashdan tortib, uni yakuniy foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha texnologik jarayonlarni mustaqil amalga oshiradilar.