Xalqaro tajriba va amaliy natija: SIUT talabalari AI500 hackathonida eng kuchli jamoalar safida
Bugungi kunda sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalari global miqyosda eng tez rivojlanayotgan va eng talab yuqori yo‘nalishlar qatoriga kiradi. Ana shunday zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallab kelayotgan Samarqand xalqaro texnologiya universitetining “School of Computing” fakulteti talabalari respublika miqyosida o‘tkazilgan Ai500 hackathonida JeFI AI jamoasi tarkibida munosib ishtirok etdi.
School of Computing fakultetida ta’lim jarayoni AQSh va Hindiston kabi xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan malakali professor-o‘qituvchilar ishtirokida olib boriladi. Ular tomonidan berilayotgan ta’lim dasturlari sun’iy intellekt, dasturlash, tarmoq texnologiyalari va kiberxavfsizlik yo‘nalishlarini qamrab olib, talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qilmoqda.
Aynan shu xalqaro tajribaga tayangan holda talabalar Ai500 hackathoni doirasida o‘z bilimlarini real texnologik muhitda sinab ko‘rdi.
JeFI AI jamoasi tomonidan taqdim etilgan loyiha bank va moliyaviy infratuzilmalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, tarmoq trafiklarini real vaqt rejimida tahlil qilish va sun’iy intellekt yordamida xavfli holatlarni aniqlashga qaratildi.
Loyiha doirasida:
- tarmoqdagi ma’lumotlar oqimi doimiy monitoring qilinadi;
- shubhali va noodatiy holatlar aniqlanadi;
- ehtimoliy kiberxavflar erta bosqichda baholanadi;
- tizim xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan texnik yechimlar taklif etiladi.
Mazkur loyiha talabalarning bilimlari faqat nazariya bilan cheklanib qolmay, amaliy mahsulot darajasiga chiqa olganini yaqqol namoyon etdi.
AI500 hackathoni Agrobank hamda IT Community tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, sun’iy intellekt sohasidagi eng yirik respublika tanlovlaridan biri hisoblanadi. Unda 1345 ta jamoa ishtirok etdi. Saralash jarayonlari yakunida faqat eng kuchli 10 foiz jamoa ikkinchi bosqichga yo‘l oldi.
Quvonarlisi shundaki, SIUT School of Computing fakulteti talabalari tarkibidagi JeFI AI jamoasi aynan mana shu eng kuchli 10 foizlik jamoalar safidan joy oldi. Bu natija talabalarning tayyorgarlik darajasi, zamonaviy bilimlari va xalqaro tajribaga tayangan holda ishlay olish salohiyatini tasdiqladi.
JeFI AI jamoasi tarkibi:
- Mustafo Xalimov — jamoa sardori, Frontend-dasturchi, 2-kurs talabasi;
- Kamilla Abdullayeva — Backend-dasturchi, 3-kurs;
- Mironshoh Ahmadov — texnik, 2-kurs;
- Diyor Zokirov — tester, 2-kurs;
- Samir Tursunov — taqdimotchi, 2-kurs.

Hackathon jarayoni talabalar uchun o‘z bilimlarini mustahkamlash, jamoa bo‘lib ishlash va murakkab texnologik masalalarga yechim topish borasida muhim tajriba maktabiga aylandi. Bu esa SIUTda olib borilayotgan xalqaro standartlarga mos ta’lim, xorijiy professor-o‘qituvchilar ishtiroki va amaliy yo‘naltirilgan o‘quv jarayonining samarali ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Bugun SIUT School of Computing fakulteti talabalari sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalarida raqobatbardosh mutaxassislar sifatida shakllanib bormoqda. JeFI AI jamoasining AI500 hackathonidagi natijasi esa bu yo‘ldagi muhim bosqichlardan biri bo‘ldi.