Konstitutsiya — inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi
Yurtimizda bosh qomusimiz qabul qilinganining 33 yilligi keng nishonlanar ekan, mamlakat bo‘ylab bo‘lib o‘tayotgan ma’rifiy uchrashuvlar xalqimizning Konstitutsiyaga bo‘lgan hurmati va e’tiborini yana bir bor yuksaltirmoqda.

Samarqand xalqaro texnologiya universitetida ham ushbu sana munosabati bilan ma’rifiy tadbir o‘tkazilib, unda bosh qomusimizning jamiyat hayotidagi o‘rni, inson huquq va erkinliklarini kafolatlovchi oliy hujjat sifatidagi ahamiyati borasida keng qamrovli fikr-mulohazalar bildirildi. Tadbir davomida bosh qomusimizning jamiyat hayotidagi o‘rni, inson huquq va erkinliklarini kafolatlovchi bosh hujjat sifatidagi ahamiyati borasida keng qamrovli mulohazalar bildirildi.
SIUTda “Konstitutsiya — inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi” shiori ostida o‘tkazilgan ma’rifiy uchrashuvda Konstitutsiya kunining ijtimoiy-huquqiy mazmuni, yoshlarning huquqiy ongini yuksaltirish va fuqarolik mas’uliyatini mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Talabalar asosiy qonunning mazmun-mohiyati, uning kundalik hayot va davlat boshqaruvidagi o‘rni haqida mutaxassislar bilan fikr almashdilar.

Tadbirga maxsus mehmon sifatida Samarqand viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Shodiqulov Ozodjon Zikiryoyevich taklif etildi. U “Konstitutsiyaning yangilanishi va huquqiy taraqqiyot yo‘lida yangi bosqich” mavzusidagi ma’ruzasida 2023-yil 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi natijasida asosiy qonunga kiritilgan o‘zgarishlarning mazmuni, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning asosiy prinsiplarini izchil tushuntirib berdi. Shuningdek, mazkur yangilanishlarning davlat va jamiyat hayotida adolat, qonun ustuvorligi va fuqarolik mas’uliyatini mustahkamlashdagi ahamiyati haqida batafsil fikrlar bayon etdi.


Tadbir davomida talabalar inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan konstitutsion normalar, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish tamoyillari va davlat-fuqarolik munosabatlarining zamonaviy yondashuvlari haqida kengroq tasavvurga ega bo‘ldilar.

SIUTda o‘tkazilgan ushbu uchrashuv Konstitutsiyaga hurmat, qonunga sadoqat va fuqarolik burchiga mas’uliyat bilan yondashish tuyg‘usini mustahkamlashga, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qildi.