SIUT Xitoy bilan hamkorlik tajribasini II O‘zbekiston–Xitoy forumida namoyish etdi
2025-yil 1–2-iyun kunlari Samarqand shahri yana bir bor tarixiy ahamiyatga ega xalqaro maydonga aylandi — “Silk Road Samarkand” xalqaro turistik majmuasi Ikkinchi O‘zbekiston-Xitoy hududlararo forumiga mezbonlik qildi.
Tadbir savdo, sarmoya, fan, texnologiya va ta’lim yo‘nalishlarida yangi tashabbuslarni ilgari surish, strategik sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, ikki mamlakatning 1500 dan ortiq vakillarini — yetakchi texnik universitetlar, sanoat, ilmiy muassasalar, hukumat va biznes doiralar delegatsiyalarini bir joyga jamladi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Shensi viloyati gubernatori Chjao Gan ochib berdi.

Forum doirasida “Study in Uzbekistan” va “Study in China” ko‘rgazmalari, ikki tomonlama uchrashuvlar va bir qator hamkorlik shartnomalarini imzolash marosimlari o‘tkazildi. Xususan, yangi laboratoriyalar, markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha 10 ta bitim imzolandi, 5 loyihaga start berildi.
Forum doirasida uch asosiy sessiya tashkil etildi. Muhandislik sohasida ta’lim va kadrlar tayyorlashda hamkorlik (Sessiya A), O‘zbekiston va Xitoyning tarixiy poytaxt shaharlarini asrash va rivojlantirishni ilgarilatish (Sessiya B), shuningdek, xitoy tilini xalqaro darajada sifatli o‘qitishni rivojlantirish (Sessiya C) bo‘yicha dolzarb mavzular atrofida keng muhokamalar olib borildi.
Ayniqsa, muhandislik ta’limi masalalari alohida e’tibor markazida bo‘ldi. “Muhandislik sohasida ta’lim va kadrlar tayyorlashda hamkorlik” mavzusiga bag‘ishlangan A-Sessiyada Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, professor Yusuf Abdullayev “O‘zbekiston–Xitoy ta’limiy hamkorligi tajribasi: SIUT misolida” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

Rektor o‘z chiqishida SIUT tomonidan so‘nggi uch yil davomida Xitoyning nufuzli universitetlari va sanoat hamkorlari bilan amalga oshirilgan qator muvaffaqiyatli tashabbuslarni yoritib berdi.

Professor Yusuf Abdullayev ta’kidlaganidek, SIUT ilk kundan boshlab xalqaro integratsiyani o‘zining ustuvor strategik yo‘nalishlaridan biri etib belgilagan va bu borada Xitoy muhim sheriklardan biri sifatida maydonga chiqqan. Bugungi kunda SIUT huzurida Xitoy hamkorligida energetika va muhandislik sohalarida bir qator qo‘shma ta’lim dasturlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Xususan, universitet tashabbusi bilan Xitoy Energetika Instituti tashkil etilgani fikrimizning yaqqol dalilidir.

SIUT misolida Xitoy bilan hamkorlik nafaqat akademik yo‘nalishda, balki gumanitar sohalarda ham faol kechayotgani ta’kidlandi. Universitetda muntazam ravishda xitoy an’analariga bag‘ishlangan tadbirlar — Xitoy yangi yili, Fonarlar festivali (Lantern Festival), tematik ustaxonalar, uchrashuvlar va ko‘rgazmalar o‘tkazilib kelinmoqda. Aynan SIUTda ilk bor o‘tkazilgan va xalqaro miqyosda e’tirof etilgan an’nanaviy “Choy. Madaniyat. Tinchlik!” festivali hamda “Navro‘z Regata” xalqaro sport-madaniy tadbirlari ham SIUT va xitoylik hamkorlar tomonidan birgalikda tashkil etilgan. Bu tadbirlar nafaqat tinchlik va do‘stlik g‘oyalarini targ‘ib qiladi, balki o‘ziga xos madaniyatlararo muloqot maydonini shakllantiradi.
— Bugungi zamonaviy ta’lim — bu faqatgina bilim berish emas, balki ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish, madaniyatlararo muloqotni chuqurlashtirish va global mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash demakdir. Bu borada Xitoyning amaliy muhandislik ta’limi va sanoat bilan integratsiyalashgan modeli O‘zbekiston uchun alohida qimmatga ega, — deya ta’kidladi professor Yusuf Abdullayev.
Ma’ruzada talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, SIUTda xitoy tili va madaniyatini o‘qitish, shuningdek “Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida barqaror hamkorlik platformasi yaratish kabi tashabbuslar ham keng yoritildi.

Forum doirasida Xitoy energetika instituti dekanining v.b. – prof. Wang Xiaohui “Xitoy tili va energetika: zamonaviy mutaxassislarni tayyorlashda integratsiyalashgan yondashuv” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi. U o‘z chiqishida ushbu yo‘nalishda kadrlar tayyorlash bugungi globallashuv sharoitida alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, ilmiy izlanishlar va amaliy tajribalarni chuqurlashtirish ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.

Forum yakunida SIUT rahbariyati Xitoy bilan bo‘lgan akademik va ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar asosida chuqur integratsiyani davom ettirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.