Skip to main content

Xavfsizlik ustuvor vazifa: SIUTda talabalar amaliyoti arafasida HSE bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi

Yozgi malakaviy amaliyotlar oldidan, talabalarni sanoat obyektlarida real ishlab chiqarish muhitiga tayyorlash maqsadida, Samarqand xalqaro texnologiya universitetida sanoat xavfsizligi va ishlab chiqarish madaniyati bo‘yicha maxsus HSE (Health, Safety & Environment — sog‘liq, xavfsizlik va atrof-muhit masalalarini qamrab oluvchi) mahorat darslari bo‘lib o‘tdi.

hse 3

Ushbu mashg‘ulotlar EE HSE departamenti tomonidan tashkil etildi. Mazkur mashg‘ulotlar bo‘lajak muhandislar uchun sanoat va ishlab chiqarish muhitiga kirishishdan oldin zarur tayyorgarlikdan o‘tishdagi muhim bosqich sifatida ahamiyatli. Darslar sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasi sohasida katta amaliy tajribaga ega departament rahbari Sherzod Xodjaev va uning o‘rinbosari Nurullo Shirinovlar tomonidan o‘tkazildi.

Mashg‘ulotlarda HSE tushunchasiga tizimli yondashuv, ishlab chiqarish jarayonlaridagi potensial xavf-xatarlarni bashorat qilish, aniqlash va ularni bartaraf etish usullari, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish, shuningdek, atrof-muhitga ongli munosabatda bo‘lish ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.

hse 1

Ushbu yig‘inda xavf-xatarlarni tahlil qilishga yo‘naltirilgan fikrlash tamoyillari, shaxsiy himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, favqulodda holat yuz berganda tartibli harakatlanish va sanoat korxonalarida ekologik me’yorlarga rioya qilish xususiyatlari kabi asosiy mavzular muhokama markazida bo‘ldi.

— Xavfsizlik muhandislik kasbining eng muhim va ahamiyatli masalasidir. HSE mahorat darslari talabalarni o‘z salomatligi, hayoti, ishlab chiqarish muhitining barqarorligi uchun shaxsiy javobgarligini his etishga undaydi, — dedi Sherzod Xodjaev mashg‘ulot chog‘ida.

hse 4

hse 6

Bunday mashg‘ulotlar SIUTda dual ta’lim tizimi doirasida olib borilayotgan tayyorgarlikning ajralmas qismidir. Mazkur yondashuv nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirib, talabalarni real ish sharoitiga moslashtirishda muhim o‘rin egallaydi.

Mahorat darslari yakunida talabalar dastlabki xavfsizlik yo‘riqnomalaridan o‘tib, bo‘lajak amaliyot jarayonlari bo‘yicha o‘zlariga tegishli maslahatlar olishdi.