Muhandislik yo‘nalishi talabalari “SamAuto” zavodida: amaliy tajriba orqali bilimlarni mustahkamlashmoqda
2025-yilning 13-may sanasida Samarqand xalqaro texnologiya universitetining “School of Engineering” birinchi bosqich talabalari Samarqanddagi yirik avtomobilsozlik korxonasi — “SamAuto” zavodida bo‘lishdi. Tashrif doirasida talabalar ishlab chiqarish texnologiyalari, zamonaviy uskunalar va real muhandislik jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.

“SamAuto” – O‘zbekistonning avtomobil sanoatida yetakchi o‘rin egallagan, yengil va tijorat transport vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy korxona hisoblanadi. Mahsulotlari ichki bozor bilan bir qatorda eksport yo‘nalishlarida ham keng qo‘llaniladi. Zavodda avtomatlashtirilgan yig‘uv liniyalari, sifat nazorati laboratoriyalari va ilg‘or texnologik echimlar amalda tatbiq etilgan.
Tashrif davomida SIUT talabalari yig‘uv sexi, bo‘yoqxona, laboratoriyalar va logistik tizim faoliyati bilan tanishib, korxona mutaxassislari yordamida ishlab chiqarish bosqichlari, muhandislik jarayonlari hamda ishlab chiqarish madaniyati haqida soha mutaxassislari tomonidan batafsil ma’lumot oldilar.


SIUT talabalari tomonidan “SamAuto” zavodiga amalga oshirilgan tashrif universitetda bosqichma-bosqich joriy etilayotgan dual ta’lim tizimining muhim bo‘g‘iniga aylandi. Mazkur tizim — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan oliy ta’lim islohotlarining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu bilan birga, bu jarayon davlat rahbari 2024-yil 20-iyun kuni muhandislik ta’limini takomillashtirishga bag‘ishlab o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida e’tirof etilgan “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri tamoyillari bilan chambarchas bog‘liqdir.

SIUT zamonaviy texnologiyalar, sanoat ehtiyojlari va xalqaro ta’lim standartlarini uyg‘unlashtirgan holda, talabalar uchun amaliyotga yo‘naltirilgan yuqori sifatli ta’lim berishni davom ettirmoqda. Dual ta’lim yondashuvi bu boradagi eng samarali usullardan biri sifatida universitet hayotiga tobora chuqur singdirilmoqda.