SIUT (CIEP) talabasi Xitoy elchixonasi stipendiyasiga sazovor bo‘ldi
2025-yilning 10-may kuni Toshkent shahrida O‘zbekistondagi xitoy tili yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalar o‘rtasida “Xitoy ko‘prigi” xalqaro tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli musobaqada Samarqand xalqaro texnologiya universiteti qoshidagi CIEP – Xitoy energetika institutining 1-bosqich talabasi Shohrux Sayfiyev ham munosib ishtirok etdi.
Final bosqichi Toshkentdagi Konfutsiy instituti va Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan o‘tkazildi. Hakamlar hay’atini elchixona vakillari hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va boshqa ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalarining xitoy tili bo‘yicha mutaxassislari tashkil etdi.

Tanlov uch bosqichdan iborat bo‘lib, unda ishtirokchilar xitoy tilida ommaviy nutq so‘zlash, vizual-interaktiv savol-javoblar va tasvirlarni tavsiflash hamda ijodiy chiqish orqali o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etdilar. Final bosqichiga hududiy saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan 10 nafar iqtidorli talaba yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.



Shohrux Sayfiyevning an’anaviy xitoy opera niqoblariga bag‘ishlangan ijodiy chiqishi hakamlar tomonidan eng yuqori ball bilan baholandi. Tanlov yakuniga ko‘ra, u boshqa finalchilar qatori Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan ta’sis etilgan bir martalik stipendiyaga sazovor bo‘ldi.
Talabaning musobaqaga tayyorgarligi Xitoy energetika instituti dekani va professor-o‘qituvchilari rahbarligida amalga oshirildi. Xususan, xitoy tili kafedrasi professor-o‘qituvchilari talabamizning til va ritorika ko‘nikmalarini mukammallashtirishdan tortib, chiqishning badiiy va madaniy jihatlarini chuqur tahlil qilishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda unga ko‘maklashdilar. Institut dekani, professor Wang Xiaohui, bu borada quyidagicha fikr bildirdi: “Tanlov CIEPda amalga oshirilayotgan ‘Xitoy tili va madaniyati + muhandislik fanlari’ integratsiyalashgan ta’lim modelining samaradorligini amalda sinovdan o‘tkazish imkonini berdi”.

2002-yildan buyon Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vazirligi ko‘magida o‘tkazib kelinayotgan “Xitoy ko‘prigi” tanlovi xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlash, xitoy tilining jahon miqyosida ommalashuviga ko‘maklashish va ta’lim sohasida insonparvarlik asosidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. O‘zbekistonda esa ushbu tanlov yildan-yilga ommalashib, xitoy tilini va Xitoyning boy madaniyatini chuqur o‘rganayotgan yoshlar uchun muhim maydonga aylanib bormoqda.