Skip to main content

SIUT besh tilda tayyorlangan texnik lug‘atning ilk nashrini taqdim etdi

Bugungi globallashuv sharoitida, ilm-fan tili dunyo miqyosida yagona bilim vositasiga aylanar ekan, texnik ta’lim sohasida lingvistik ochiqlik va ko‘p tillilik zarurati tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Qaysi tilda fikr yuritishidan qat’i nazar, muhandislar, talabalar va pedagoglar uchun yagona va aniq terminologik tizimga bo‘lgan ehtiyoj bugun dolzarb masalaga aylangan. Mazkur muhim vazifani amalga oshirish maqsadida SIUT universitetda o‘qitilayotgan asosiy fan yo‘nalishlariga oid kalit tushunchalarni qamrab olgan besh tildagi izohli atamalar (terminologik) lug‘atining ilk nashrini taqdim etdi. Ushbu nashrning o‘ziga xos jihati shundaki, unda terminlar bir vaqtning o‘zida besh tilda — ingliz, o‘zbek, rus, xitoy va koreys tillarida keltirilgan bo‘lib, har bir atama batafsil izoh va amaliy qo‘llanma misollari bilan boyitilgan.

Ushbu lug‘at universitetimizning Matematika va fizika fanlari departamenti tashabbusi bilan ishlab chiqildi. Loyihani amalga oshirishda SIUT tarkibidagi Xitoy elektr energetika instituti (CIEP) va Koreya texnologiyasi va madaniyat instituti (KITC) bilan yaqin hamkorlik qilindi. Lug‘at mualliflari — departament mudiri, Kamerunlik professor Jimbo Claver va AQShlik REI (Resource Exchange International) xalqaro tashkiloti vakili, assistent-o‘qituvchi Seth Vidrio.

 DSC5837

Mualliflarning ta’kidlashicha, bu tashabbus SIUTning xalqaro universitet sifatidagi mohiyatidan kelib chiqqan. Universitetda ta’lim ingliz, xitoy va koreys tillarida olib boriladi, professor-o‘qituvchilar esa 18 dan ortiq mamlakat vakillaridan iborat. Shunday ko‘p tilli va ko‘p madaniyatli ta’lim muhitida professional terminologiyani tizimli tarjima qilish ehtiyoji ayniqsa dolzarb masalaga aylangan.

Nashr, avvalo, birinchi bosqich talabalari — muhandislik, raqamli texnologiyalar va tabiiy fanlar yo‘nalishida endigina tahsilni boshlayotgan yoshlar uchun mo‘ljallangan. Shu bilan birga, lug‘at o‘qituvchilar, tarjimonlar va ko‘p tilli ta’limda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun ham muhim manba hisoblanadi.

Mazkur kitob murakkab tushunchalarni o‘zlashtirishni yengillashtiradi, ilmiy muloqotning aniqligini ta’minlaydi hamda muhandislik va amaliy fanlarni o‘rganishda tushunmovchiliklar yuzaga kelishining oldini oladi. Ayniqsa, bir atama turli madaniy va til kontekstlarida turlicha talqin qilinishi mumkin bo‘lgan holatlarda, bu yondashuv muhim ahamiyatga ega.

Xitoy va Koreya tillaridagi versiyalar SIUTning ushbu davlatlar universitetlari bilan olib borilayotgan qo‘shma diplom dasturlari doirasida ishlab chiqilgan. Shu tarzda lug‘at nafaqat o‘quv qo‘llanmasi, balki talabalarni kelgusidagi akademik mobillikka tayyorlovchi xalqaro muhitga integratsiyalashuv vositasiga ham aylanadi.

Shuningdek, mualliflar, lug‘atning navbatdagi kengaytirilgan nashrini tayyorlash ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildilar. Unga fransuz tilidagi texnik terminologiya ham kiritilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa, SIUT tarkibida yangi o‘quv yilidan faoliyat boshlaydigan Fransuz oliy muhandislik maktabi (instituti)ning ochilishi bilan bevosita bog‘liq.

Ko‘p tilli texnik lug‘at — bu nafaqat ta’lim jarayonini qulaylashtiruvchi qo‘llanma, balki xalqaro akademik muhitda talabalar va o‘qituvchilar duch keladigan til va terminologiyaga oid amaliy muammolarga samarali yechimdir. Bunday tashabbuslar muhandislik va ilm-fan sohasida aniq, tushunarli va samarali muloqot asoslarini yaratishga xizmat qiladi. Atamalarning to‘g‘ri va yagona talqini esa bilim olishga ishonchli yo‘l ochadi. Kelajakda bunday loyihalar til to‘siqlarini bartaraf etib, ilmiy hamkorlik va kasbiy rivojlanishning poydevoriga aylanadi.