SIUT professori Turkiy xalqlarning xalqaro adabiyot va san’at festivalida taqdirlandi
2025-yilning 22–26-aprel kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida Turkiy xalqlarning X xalqaro adabiyot va san’at festivali bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli madaniy anjuman Chukurova adiblar assotsiatsiyasi (Turkiya), “Muhali” xalqaro xayriya fondi hamda “AR” nashriyot uyi (Qozog‘iston) hamkorligida tashkil etildi.
Festivalda Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Tatariston, Boshqirdiston, Sharqiy Turkiston (Uyg‘uriston, XXR), Mo‘g‘uliston, Vengriya, Qorachoy-Cherkasiya Respublikasi, Dog‘iston Respublikasi, Oltoy Respublikasi, Saxa-Yakutiya va Iroq kabi mamlakat va mintaqalardan taniqli adiblar, san’atkorlar hamda ziyolilar ishtirok etdi.


Quvonarlisi, O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida SIUT professori, yurtimizning faxri, ijodi bilan qalblardan o‘ziga xos o‘rin egallagan taniqli shoiramiz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlari va “Shuhrat” medali sohibasi, O‘zbekiston yozuvchilar va jurnalistlar uyushmasi a’zosi, birinchi darajali mehnat faxriysi hamda xalq ta’limi a’lochisi Xosiyat Bobomurodova ham ishtirok etdi. Festival doirasida shoira o‘zining she’riy ijodidan namunalar o‘qib berdi va ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi.


Tadbir dasturiga ko‘ra, konsertlar, she’riyat kechalari, muzeylarga tashriflar, ijodiy uchrashuvlar, ilmiy-ma’rifiy anjumanlar, kitob taqdimotlari va madaniy ekskursiyalar o‘rin oldi. Jumladan, buyuk sarkarda Muxoli Kunkuoruliyning 855 yilligi hamda Qozog‘iston davlatchiligining 800 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy anjuman festivalning asosiy tadbirlaridan biri bo‘ldi.
Xalqaro festival yakunida SIUT professori “Hakim Abay” nomli esdalik medali, faxriy diplom hamda sertifikat bilan taqdirlandi. Ushbu yuksak e’tirof shoiraning ijodiy faoliyati, adabiy chiqishlari va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga qo‘shgan hissasining e’tirofi sifatida berildi.
Bu mukofot universitet professor-o‘qituvchilarining xalqaro darajadagi ijodiy va ilmiy faoliyatining yuqori baholanayotganidan dalolat beradi, desak yanglishmaymiz.
Ijodiy parvozlari bilan qalblarga ilhom va zavq baxsh etib kelayotgan Xosiyat Bobomurodova ustozimiz bugun tabarruk yoshni qarshi olyaptilar. Ustozni Samarqand xalqaro texnologiya universiteti jamoasi nomidan samimiy tabriklab, umr yo‘llari doimo nurli va yanada muvaffaqiyatli bo‘lishini tilaymiz!