SIUT professorining texnologiya va tibbiyot chorrahasida sog‘liqni saqlash kelajagiga bag‘ishlangan yangi kitobi chop etildi
Samarqand xalqaro texnologiya universitetining “School of Computing” departamenti professori Akib Khanday jahonning yetakchi nashriyotlaridan biri — “Wiley”da chop etilgan va xalqaro olimlar jamoasi bilan hamkorlikda tayyorlangan “Wellness Management Powered by AI Technologies” ilmiy nashrini taqdim etdi. Kitob mualliflari orasida Hindistonning Sharda universiteti professorlari Bharat Bushan, Sudhir Kumar Sharma va Parma Nand hamda Saudiya Arabistonidagi Shoh Saud universiteti professori Xurshid Aurangzeb bor.

Yangi nashr zamonaviy tibbiyotning eng dolzarb yo‘nalishlaridan biri — sog‘liqni saqlash sohasiga Sun’iy Intellekt (AI) va narsalar interneti (IoT – Internet of Things) texnologiyalarini joriy etishga bag‘ishlangan. Kitobda quyidagi savollarga javob beriladi:
- Qanday qilib taqiladigan qurilmalar inson organizmining hayotiy ko‘rsatkichlarini real vaqt rejimida kuzatadi?
- Mashinaviy o‘rganish texnologiyalari shifokorlarga yuqori aniqlik bilan tashxis qo‘yishda qanday yordam bermoqda?
- Bugun qanday texnologiyalar ertangi tibbiyot qiyofasini shakllantirmoqda?
Asar mashinaviy o‘rganish va IoT’ning asosiy tushunchalarini sodda va ravon tilda tushuntirishdan boshlanadi. So‘ngra mualliflar Sun’iy Intellekt texnologiyalari, to‘plangan ma’lumotlar va ularning tahlili yordamida kasalliklarni davolash va oldini olish uslublari qanday o‘zgarayotganini ko‘rsatib beradi. Kitobda ayniqsa real hayotdagi amaliy misollarga katta e’tibor qaratilgan: unda AI texnologiyalarining tibbiy amaliyotda muvaffaqiyatli qo‘llanishi haqidagi real holatlar keltirilgan.
“Wellness Management Powered by AI Technologies” nafaqat ilmiy tadqiqot, balki tibbiyotning raqamli kelajagiga yo‘l ko‘rsatuvchi qo‘llanma bo‘lib, shifokorlar, tadqiqotchilar, dasturchilar va zamonaviy sog‘liqni boshqarish modellariga qiziqqan keng auditoriya uchun mo‘ljallangan.
Kitob sahifalarida o‘quvchilar quyidagilar bilan tanishadilar:
- Sun’iy Intellekt diagnostika, davolash va sog‘liqni saqlash tizimini qanday o‘zgartirayotgani;
- AI va IoT integratsiyasi orqali shaxsiylashtirilgan tibbiy yechimlar qanday ishlab chiqilayotgani;
- Qaysi global tendensiyalar ertangi tibbiyot qiyofasini belgilab bermoqda;
- Sog‘liqni saqlashning turli sohalaridagi raqamli transformatsiya haqidagi real hikoyalar.
Ushbu nashr sog‘liqni saqlash va raqamli texnologiyalar tutashgan sohalarda olib borilayotgan zamonaviy tadqiqotlarga muhim hissa qo‘shadi. Kitob sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari, Sun’iy Intellekt va zamonaviy sog‘liqni boshqarish yondashuvlariga qiziqqan barcha mutaxassis va o‘quvchilar uchun qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, SIUT 2025/2026 yangi o‘quv yili uchun 14 ta bakalavriat dasturiga, jumladan, “Sun’iy Intellekt” yo‘nalishiga abituriyentlar uchun hujjat qabulini boshlagan. Mazkur dastur doirasida talabalar mashinaviy o‘rganish, ma’lumotlar tahlili va intellektual tizimlar ishlab chiqish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtiradilar va sanoat, moliya, sog‘liqni saqlash kabi sohalarda yuqori talabga ega bo‘lgan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
O‘quv jarayoni xalqaro standartlar asosida tashkil etilgan bo‘lib, talabalarga amaliy loyihalarda ishtirok etish, stajirovkalarda qatnashish va ilmiy tadqiqotlar olib borish imkoniyatlari yaratilgan.