Skip to main content

SIUTda Nurlikum Mining O‘zbekiston-Fransiya qo‘shma korxonasi bilan akademik hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Samarqand xalqaro texnologiya universitetida o‘tkazilgan uchrashuv muhandislik sohasi bo‘yicha xalqaro hamkorlikda yangi davrni boshlab berdi.

Universitetga rasmiy tashrif bilan kelgan “Nurlikum Mining” (Fransiyaning Orano kompaniyasi hamda O‘zbekistonning “Navoiyuran” AJ bilan hamkorlikdagi yirik qo‘shma korxonasi) delegatsiyasi SIUT bilan strategik hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Delegatsiyaga kompaniya bosh direktori janob Benua Lemonn boshchilik qildi.

uz fr 4

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — SIUT hamda Fransiyadagi yetakchi sanoat korxonalari va texnik oliygohlari o‘rtasida barqaror hamkorlikni rivojlantirish, muhandislik yo‘nalishidagi talabalar uchun xalqaro ta’lim va muvaffaqiyatli kasbiy faoliyat yo‘llarini ochishdir. Mazkur tashrif 2025-yilning mart oyida Fransiyaning Nitssa shahrida SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev hamda “Frankofoniya” tashkiloti direktori janob Yann Librati o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarning mantiqiy davomidir desak yanglishmaymiz. Uchrashuvda universitet negizida Fransuz oliy muhandislik maktabi(instituti)ni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Mazkur maktab 2025-yil sentabridan boshlab o‘z faoliyatini boshlashi rejalashtirilgan.

Tashrif davomida janob Lemonn muhandislik fakulteti talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. U Nurlikum Mining kompaniyasining uran qazib olishdagi faoliyati, xalqaro loyihalari va istiqboldagi rejalari haqida atroflicha so‘zlab berdi. Talabalarning eng katta qiziqish uyg‘otgan jihati — kompaniyada ishlab chiqarish amaliyoti imkoniyatlari bo‘ldi. SIUT talabalari zamonaviy dual ta’lim tizimi asosida bevosita korxona obyektlarida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

— Kelajak muhandislarini tayyorlayotgan oliy ta’lim muassasalari bilan uzoq muddatli hamkorlik biz uchun ustuvor ahamiyatga ega. SIUT bu borada bizning muhim strategik hamkorimiz hisoblanadi. bugun shu dargohda tahsil olayotgan yoshlar ertaga butun sanoat sohasini yangi bosqichga olib chiqishiga ishonamiz, — deya ta’kidladi janob Lemonn.

Uchrashuvda talabalar faol ishtirok etib, ishga qabul qilish jarayoni, kompaniya ichki muhiti, kasbiy o‘sish imkoniyatlari bo‘yicha qator savollar yo‘llashdi. Har bir savolga atroflicha va ochiq javoblar berildi.

uz fr 3

uz fr 6

uz fr 5

Ishonchimiz komilki, Nurlikum Mining bilan yo‘lga qo‘yilgan ushbu hamkorlik SIUT uchun nafaqat xalqaro akademik aloqalarni mustahkamlash, balki Fransiyaning ilg‘or texnik universitetlari va yirik sanoat klasterlari bilan integratsiyalashuv orqali muhandislik ta’limini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim qadamdir.

uz fr 1