SIUT xalqaro akademik hamkorlik istiqbollarini kengaytirmoqda
Globallashuv sharoitida oliy ta’lim muassasalari ilmiy va akademik hamkorlikni kengaytirish orqali innovatsion taraqqiyot sari dadil qadam tashlamoqda. Talabalarga zamonaviy bilim va tajribalar taqdim etish maqsadida SIUT Hindistonning yetakchi oliygohlari bilan hamkorlik ufqlarini kengaytirmoqda. Bu galgi hamkorlik doirasida SIUT hamda Hindistonning Vellore Institute of Technology Andhra Pradesh (VIT-AP) hamda Vellore Institute of Technology Bhopal University (VIT Bhopal) o‘rtasida strategik hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Ushbu kelishuvlar doirasida oliygohlar o‘zaro akademik va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalar hamda innovatsion dasturlarni amalga oshirishni rejalashtirgan.
Hamkorlik quyidagi strategik yo‘nalishlarni qamrab oladi:
- professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvi: har ikkala universitet mutaxassislari akademik almashinuv dasturlarida qatnashib, ilmiy tadqiqotlar olib boradilar;
- talabalar almashinuvi: tanlab olingan iqtidorli talabalar hamkor universitetlarda tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar;
- qo‘shma ilmiy tadqiqotlar: xalqaro tadqiqotlar innovatsion texnologiyalar, muhandislik va axborot texnologiyalari sohalariga yo‘naltiriladi;
- “double diploma” ta’lim dasturlari: talabalar ikkala universitet tomonidan tan olingan qo‘shma diplom dasturlarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.


Ushbu hamkorlik SIUT talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun keng akademik va ilmiy ufqlarni ochib, ayniqsa, dual ta’lim tizimini yanada takomillashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Vellore Institute of Technology Andhra Pradesh – Hindistonning yetakchi texnologik oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, muhandislik, IT, menejment va ilmiy tadqiqot sohalarida yuqori natijalarga erishgan. Universitet xalqaro e’tirofga sazovor dasturlari, innovatsion o‘quv metodikalari va yuqori ilmiy salohiyati bilan ajralib turadi.

Vellore Institute of Technology Bhopal University – zamonaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt, robototexnika va muhandislik yo‘nalishlarida ilg‘or ta’lim dasturlariga ega bo‘lib, Hindiston hukumati tomonidan 2019-yilda ARIIA reytingi bo‘yicha “Eng innovatsion xususiy oliygoh” sifatida e’tirof etilgan.