Do‘ppi va atlas jozibasi – SIUTda milliy an’analar uyg‘unligi
Milliylik har bir xalqning o‘ziga xos madaniyati, tarixiy merosi va an’analarini aks ettiruvchi elementdir. Har bir millatning o‘ziga xosligi, ma’naviy qudrati va madaniy jozibasi uning milliy liboslarida ham namoyon bo‘ladi. O‘zbek xalqining azaliy ramzlari – do‘ppi va atlas esa nafaqat go‘zallik timsoli, balki ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan bebaho an’ana hamdir. Do‘ppi – erkakning mardlik va sharaf belgisi, atlas – ayolning ziynatidir.
So‘nggi yillarda ushbu qadriyatlarni targ‘ib qilish maqsadida mamlakat bo‘ylab har juma kuni “Milliy liboslar kuni” sifatida belgilandi. Bu tashabbus Samarqand xalqaro texnologiya universiteti jamoasi tomonidan ham katta e’tibor bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Har juma kuni SIUT professor-o‘qituvchilari, xodimlari va talabalari milliy liboslarda ishtirok etib, milliy madaniyatni nafaqat e’zozlash, balki uni yanada keng targ‘ib etish yo‘lida ham faol harakat qilmoqda. Xususan, erkaklar boshida do‘ppi, ayollar esa atlas yoki adrasdan tikilgan liboslar kiyib, milliy an’analarni ulug‘lashmoqda.
Bu faqat tashqi ko‘rinish bilan cheklanmaydi – milliy kiyimlar vositasida talabalar orasida o‘zlikni anglash va milliy g‘ururni oshirish maqsad qilib qo‘yilgan. Universitet qoshida tashkil etilgan O‘zbek tili va madaniyati markazi tomonidan o‘tkazilayotgan ma’rifiy darslarda, jumladan, tarix va madaniyatga oid ma’ruzalar davomida milliy kiyimlarning ramziy ahamiyati chuqurroq ochib berilmoqda. Markaz tomonidan nafaqat talabalarga balki xorijiy professor-o‘qituvchilarga ham milliy liboslarni zamonaviy uslublar bilan uyg‘unlashtirish va ommalashtirish bo‘yicha targ‘ibot tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti milliy qadriyatlar va zamonaviy bilimlarni uyg‘unlashtirib, talabalarni har tomonlama yetuk shaxs sifatida tarbiyalashga e’tibor qaratmoqda. Universitetda nafaqat ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy bilimlar o‘rgatiladi, balki milliy madaniyat va an’analar ham chuqur qadrlanadi. Milliy liboslar esa ushbu bu ezgu yo‘ldagi ramzlardan biri bo‘lib, SIUTda milliylik ruhi barhayot ekanini yana bir bor namoyon etmoqda!