SIUT talabalari Hindistonning yirik IT kompaniyasi “Dyashin Technosoft”da amaliyot o‘taydi
Joriy yil 17-fevral kuni Samarqand xalqaro texnologiya universiteti va Hindistonning yetakchi IT kompaniyasi Dyashin Technosoft Private Limited o‘rtasida strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda texnologik innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev va Dyashin Technosoft texnik direktori janob Praveen Dyamappa tomonidan imzolandi.

Mazkur memorandum ikki tomonlama akademik hamkorlik va texnologik innovatsiyalarni rivojlantirish yo‘lida quyidagi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi:
- Professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvi – SIUT va Dyashin Technosoft tajribali mutaxassislari hamkorlikda qo‘shma konferensiyalar, ilmiy tadqiqotlar va ta’lim tashabbuslarida ishtirok etadi;
- Amaliyot va o‘qish imkoniyatlari – SIUT talabalari Dyashin Technosoftda IT sohasidagi bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar va stajirovkalar orqali rivojlantiradi;
- Ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar – Sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik kabi sohalarda qo‘shma tadqiqotlar va innovatsion loyihalar olib boriladi.
Bugungi kunda Hindiston global IT sanoatining peshqadam davlatlaridan biri bo‘lib, dasturiy ta’minot, sun’iy intellekt, raqamli yechimlar va kiberxavfsizlik sohalarida dunyoning yetakchi markazlari qatoriga kiradi. Mamlakat texnologiya va innovatsiyalar bo‘yicha jahon miqyosidagi yetakchi sifatida ilg‘or IT xizmatlarini ishlab chiqarib, ularni butun dunyoga eksport qiladi. Hindistonning texnologiya kompaniyalari zamonaviy innovatsion yechimlar sohasida global trendlarga yo‘naltirilgan holda faoliyat yuritmoqda.
Dyashin Technosoft Private Limited kompaniyasi esa ushbu sanoatning yorqin vakillaridan biri bo‘lib, dasturiy ta’minot, raqamli texnologiyalar va avtomatlashtirilgan yechimlarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan, jadal rivojlanayotgan IT kompaniyasidir. Kompaniya IT va muhandislik sohalarida malakali mutaxassislar tayyorlashga katta e’tibor qaratib, ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda. Dyashin Technosoftning bosh qarorgohlari AQShning Delaver shtatidagi Midltaun va Hindistonning Bengaluru shaharlarida joylashgan.

Memorandumning imzolanishi SIUT uchun xalqaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi va dual ta’lim tizimi doirasida talabalar uchun cheksiz imkoniyatlar eshigini ochadi. Dyashin Technosoft bilan hamkorlik xalqaro texnologiya hamjamiyatiga integratsiyalashuv jarayonini tezlashtiradi hamda global bozor talablariga javob beradigan yuqori malakali IT-mutaxassislarni tayyorlashda muhim rol o‘ynaydi.
Ishonchimiz komilki, ushbu hamkorlik SIUT talabalari kelajagi uchun mustahkam poydevor qo‘yib, ularni raqamli davr yetakchilariga aylantiradi. Almashinuv dasturlari nafaqat ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish, balki innovatsion yechimlarni hayotga tatbiq etish orqali ularga dunyo miqyosidagi muhandis va IT-mutaxassis sifatida shakllanish imkonini beradi.