SIUTda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlangan nazm va navo kechasi bo‘lib o‘tdi
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti yoshlarni ajdodlarimizning boy ma’naviy merosiga hurmat ruhida tarbiyalash va milliy qadriyatlarni xorijlik professor va talabalar orasida targ‘ib qilish maqsadida doimiy ravishda adabiy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelmoqda. Shu ma’noda, joriy yilning 15-fevral sanasida universitetning O‘zbek tili va madaniyati markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan navbatdagi kecha buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ikki buyuk daho tavalludiga bag‘ishlangan “Ikki qutb yulduzi: Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur” nomli nazm va navo kechasi, adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Hazrat Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho ma’naviy merosi yana bir bor yodga olindi. Navoiy – o‘zbek adabiy tilining asoschisi, o‘z davrining va tarixning ulug‘ siymosi. U o‘z asarlari orqali milliy va umuminsoniy g‘oyalarni yuksaltirib, o‘zbek tilining qudratini dunyo adabiyotida namoyon etdi. Uning ijodida insoniyatning mangu qadriyatlari, adolat va insoniylik g‘oyalari o‘zining yuksak badiiy ifodasini topgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur esa, shoir va davlat arbobi sifatida, o‘zbek adabiyoti va tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Uning ijodining markazida Vatanga muhabbat, sog‘inch va xalqparvarlik tuyg‘ulari mujassam. Boburning “Boburnoma”si esa nafaqat tarixiy hujjat, balki adabiyot va ilm-fan olamidagi yuksak durdona sifatida qadrlanadi.

Adabiy-ma’rifiy tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov va Samarqand davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Nazmiyaxon Muhitdinova faxriy mehmon sifatida ishtirok etdilar. Ular ulug‘ajdodlarning ibratli hayot yo‘li, adabiy merosining boyligi va zamonaviy davrdagi ahamiyati haqida ma’ruzalar qildilar. filologiya fanlari doktori, professor Aftondil Erkinov jahon qo‘lyozma fondlari hamda muzeylarida saqlanayotgan Alisher Navoiy asarlarining qo‘lyozma nusxalari va ularga bo‘lgan munosabat xususidagi taqdimotini namoyish etdi.
Taqdimot so‘ngida professor Aftondil Erkinov “muhandislik, texnologiya va aniq fanlarga ixtisoslashgan bo‘lishiga qaramay, buyuk mutafakkirlar, xalqimizning ulug‘ daholari sharafiga universitetda shunday yuksak saviyadagi tadbirning tashkil etilishi hamda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodining nafaqat talabalar, balki universitetdagi xorijlik professorlar o‘rtasida baralla targ‘ib qilinishi betakror hodisa, noyob yondashuv”, deya o‘z so‘zini yakunladi.
SIUTda buyuk mutafakkir bobolarimizga ehtirom sifatida tashkil etilayotgan bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni yuksak qadrlab, ularning yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyatini alohida ta’kidladilar.

“Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur – xalqimiz ma’naviy hayotining abadiy munavvar yulduzlaridir. Ularning asarlari bugungi yosh avlodni Vatanga sadoqat, insoniylik va ma’naviy yetuklik ruhida tarbiyalash uchun eng yuksak ideal manba hisoblanadi” – dedi professor Nazmiyaxon Muhitdinova ma’ruzasi davomida.

Adabiy-ma’rifiy kechada milliy maqom san’ati ustasi, Respublika maqom musobaqalarining mutlaq g‘olibi Inoyatullo Rahmonov, “Shuhrat” medali sohibi, O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi Jamshed Ahmedov rahbarligidagi sozandalar guruhi, shuningdek, Samarqand viloyat pedagogik mahorat markazi metodisti Vali Niyozov hamda SIUT ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Zulfiya Rashidovalar tomonidan xalqimizning boy madaniy merosi bo‘lgan mumtoz kuy-qo‘shiqlari, maqomlarining yuksak mahorat bilan jonli ravishda ijro etilishi tadbirga o‘zgacha zavq va yuqori shukuh bag‘ishladi. Bundan tashqari, SIUT talabalarining badiiy chiqishlari – g‘azal va ruboiylar, xususan, “Alisher va Guli” monologidan parchaning mahorat bilan ijro etilishi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, tadbirda SIUT professori, yurtimizning faxri, ijodi bilan qalblardan o‘ziga xos o‘rin egallagan taniqli shoiramiz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlari va “Shuhrat” medali sohibasi, O‘zbekiston yozuvchilar va jurnalistlar uyushmasi a’zosi, birinchi darajali mehnat faxriysi hamda xalq ta’limi a’lochisi Xosiyat Bobomurodova ilhom baxsh etuvchi she’rini o‘qib, barchaning qalbiga unutilmas ruhiy zavq ulashdi.
Ulug‘ mutafakkirlarimizning tinchlik va do‘stlikka, millatlararo birdamlikka chorlovchi g‘oyalari hozirgi tahlikali zamonda ayniqsa dolzarbdir. SIUT jamoasi ushbu yuksak qadriyatlarni yosh avlod ongiga singdirish orqali ularni ma’nan yetuk, bilimli va ijodkor shaxslar sifatida voyaga yetkazishda o‘zining muhim hissasini qo‘shmoqda.

“Ikki qutb yulduzi” nomli ushbu adabiy-ma’rifiy tadbir yoshlar qalbida buyuk ajdodlarga cheksiz hurmat va faxr tuyg‘usini uyg‘otib, milliy qadriyatlarning abadiyligini yana bir bor isbotladi. Ishonchimiz komilki, tadbir barchaning yodida nafaqat ma’naviyat, balki san’atning nozik va betakror jozibasini namoyon qiluvchi unutilmas kecha sifatida saqlanib qoladi.


