Ingliz tili o‘qituvchilari uchun innovatsion o‘qitish strategiyalari mavzusida onlayn seminar tashkil etildi
Ta’limda ilhom va ijodiy yondashuv muvaffaqiyat kalitidir. Yoshlar qalbida bilimga bo‘lgan muhabbatni uyg‘otish va darslarni yanada qiziqarli qilish uchun pedagoglar yangi strategiyalar va metodlarni o‘zlashtirishi zarur.

Shu maqsadda, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti professori Annemarie Basson va katta o‘qituvchi Komila Abdullayeva tomonidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ingliz tili fani o‘qituvchilari uchun “Ta’limga rag‘bat uyg‘otish: til o‘rganishda san’atning o‘rni” (Fueling Passion in Education: The Role of Arts in Learning) mavzusida maxsus onlayn seminar tashkil etildi.

Mazkur seminardan ko‘zlangan maqsad — ingliz tili darslarida musiqa, drama va ijodiy yondashuvlarni samarali qo‘llash orqali talabalar uchun o‘rganish jarayonini yanada jonli, esda qolarli va qiziqarli qilish. Shuningdek, ushbu usullar yordamida talabalarning nutq qobiliyatlarini rivojlantirish, tilga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish va ijodiy tafakkurlarini shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Seminar davomida quyidagi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi:
- Kuchli muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish: talabalarni faol ishtirok etishga undash uchun rolli o‘yinlar, hikoya qilish va musiqadan foydalanish imkoniyatlari;
- Musiqa va dramatik san’atning ta’limdagi o‘rni: Ijodiy san‘at yoshlarni til o‘rganish jarayoniga jalb etishda va ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirishdagi roli;
- Faol ishtirokka asoslangan mashg‘ulotlar: dars jarayonlarida “Waterfall Speaking Activity” va “Categories Game” kabi interaktiv usullarni qo‘llash;
- Ijodkorlikning ta’limdagi ahamiyati: Tanqidiy fikrlashni rivojlantirish, muammolarni hal qilish va ma‘lumotlarni yaxshiroq eslab qolishga yordam berish imkoniyatlari.
Ma’ruzachilar seminar davomida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, ijodiy yondashuvlarni ta’lim jarayoniga joriy etish borasida fikr almashdilar. Seminarda taqdim etilgan amaliy namoyishlar va yangi interaktiv vositalar ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi hamda musiqa va drama asosida yaratilgan o‘qitish uslublari yoshlarning ingliz tilida erkin muloqot qilish ko‘nikmalarini oshirishda samaradorligini ta’kidladilar. Seminar yakunida o‘tkazilgan ochiq muhokamada qatnashuvchilar o‘rgangan usullarini o‘z dars jarayonlariga qanday tatbiq etish mumkinligi haqida batafsil fikr almashdilar. Ushbu seminar zamonaviy ta’limga mos ilg‘or metodlarni o‘qituvchilar orasida keng targ‘ib qilishga qaratilgan hamda kelgusida hamkorlik loyihalarining boshlang‘ich bosqichi sifatida e’tirof etildi.