Skip to main content

SIUTda “rektor soati” loyihasiga start berildi: bo‘lajak liderlar uchun bilim, motivatsiya va tajriba

Samarqand xalqaro texnologiya universitetida (SIUT) talabalar uchun yangi ta’lim va motivatsion tashabbus – “rektor soati” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Har chorshanba o‘tkaziladigan ushbu uchrashuvlar ilmiy muloqot, ilhom va tajriba almashishning noyob maydoniga aylanadi.

“Rektor soati” – bu talabalar uchun universitet rahbariyati bilan bevosita muloqot qilish, fikrlarini erkin ifoda etish, qimmatli tavsiyalar olish va yangi ufqlarni ochish imkonini yaratadigan o‘ziga xos platformadir. Ushbu uchrashuvlar SIUTning ilg‘or ta’lim strategiyasining muhim qismi bo‘lib, yoshlarni yangi yutuqlarga ilhomlantirishga xizmat qiladi. Uchrashuvlarda asosiy e’tibor motivatsiya va kasbiy yuksalishga qaratiladi. Rektor, muvaffaqiyat sari yo‘l doimiy o‘rganish, moslashish va ijodiy fikrlash orqali amalga oshirilishini ta’kidladi. Shuningdek, texnologiyalar va innovatsiyalarni chuqur o‘zlashtirish, bugungi kunda SIUT talabalari uchun eng muhim va strategik yo‘nalishlardan biri ekanini alohida qayd etdi. Bu, nafaqat ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, balki kelajakdagi muvaffaqiyatlariga zamin yaratishda ham katta ahamiyat kasb etadi.

1

“Biz texnologiyalar jadal rivojlanayotgan davrda yashayapmiz va sizning asosiy vazifangiz — nafaqat bilim olish, balki uni amaliyotga tatbiq etishdir. SIUT bu borada eng zamonaviy imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Xususan, dual ta’lim tizimi allaqachon ijobiy natijalar bermoqda, talabalar nazariy bilimlarini real muhitda sinovdan o‘tkazish imkoniga ega,” — deydi rektor - professor Yusuf Abdullayev.

“Rektor soati”dan ko‘zlangan maqsad talabalar uchun motivatsiya va ilhom manbai bo‘lish, shuningdek, tajriba va fikr almashish uchun ochiq maydon yaratishdir.