Skip to main content

Samarqandning tarixiy xazinasi: Sayyor dars orqali o‘zbek madaniyatiga sayohat

SIUT qoshida tashkil etilgan O‘zbek tili va madaniyati markazi talaba-yoshlarni xalqimizning boy tarixiy merosi va madaniy qadriyatlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida viloyatimizdagi tarixiy va madaniy yodgorliklar bo‘ylab sayyor darslar tashkil etishni davom ettirmoqda. Mazkur sayyor darslar nafaqat tilni o‘rganish, balki xalqimizning ulug‘ madaniy merosini chuqurroq anglash va qadrlashga xizmat qilmoqda.

2

Navbatdagi sayyor dars Samarqandning “Afrosiyob” tarixi muzeyida o‘tkazildi. Muzeylar ajdodlardan meros bo‘lgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy xazina. Yillar davomida boyib, to‘lib boraveradigan bu xazina faqatgina madaniy qadriyatlar namoyishigina bo‘lib qolmay, olis tarix sahifalaridan so‘zlovchi bebaho kitob hamdir. Uzoq o‘tmishimiz, boy madaniyatimiz aks etgan noyob arxeologik eksponatlar to‘plangan “Afrosiyob” tarixi muzeyi Samarqand shahri tarixi ko‘zgusi sifatida alohida ahamiyatga ega.

4

Sayyor dars orqali talabalar buyuk ajdodlarimizning aql-zakovati, topqirligi va ijodkorligiga, mard va jasurligi hamda tadbirkorligiga oid eksponatlarni ko‘rib yana bir bor  moziyga sayohat qilgandek bo‘ldilar. Zero, har bir davlat taraqqiyot sari odimlar ekan, hamisha tarixga nazar tashlab, mavjud urf-odatlar, an’analar hamda qadimiy yodgorliklarni o‘rganishga va saqlashga intilishi tabiiy. Bu borada esa muzeylarning o‘rni beqiyos. Ular uzoq o‘tmishdan meros bo‘lib kelayotgan madaniyat, ma’rifat, tabiat yodgorliklarining yaxlit tizimga solingan yig‘indisi ekani bilan ham qimmatlidir.

O‘zbek tili va madaniyati markazining bu tashabbusi, talabalarga o‘zbek tilining boy tarixini va uning nafisligini chuqurroq anglashga yordam beribgina qolmay, balki madaniyatimizni qadrlash va unga bo‘lgan mehrni oshirishga xizmat qiladi.