SIUTda Xitoycha yangi yil nishonlandi
Joriy yilning 25-yanvar kuni Samarqand xalqaro texnologiya universitetida Sharqiy Osiyo davlatlarida Yangi yilning kirib kelishi munosabati bilan, Xitoy energetika instituti (CIEP) tashabbusi bilan “Samarkand Lunar Fest” tadbiri o‘tkazildi. Bu bayram Xitoy va boshqa Osiyo mamlakatlarida eng muhim va uzoq davom etadigan an’analardan biri hisoblanadi.



Tadbir SIUT talabalarining ikki davlat madhiyasini ijro etishi bilan boshlandi. Bayramning tantanali qismida SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev talabalarni HSK imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganlari bilan tabriklab, ularga sertifikatlar va sovg‘alar topshirdi.
Shimoli-Sharqiy Energetika Universiteti (NEEPU, Xitoy Xalq Respublikasi) rektori, professor Cai Guowei, SIUT rahbariyati, professor-o'qituvchilari va talabalariga video murojaat yo'lladi. Murojaatida professor Cai Guowei Xitoy Yangi yili munosabati bilan barchani samimiy tabriklab, ikki universitet o'rtasidagi muvaffaqiyatli va samarali hamkorlikni alohida ta'kidlab o'tdi. Shuningdek, ilm-fan va ta'lim sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari haqida ijobiy fikrlarini bildirdi.
Bayram tadbiri Xitoy Xalq Respublikasining O'zbekistondagi Elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tantanali marosimda, CIEP dekan v.b., professor Wang Xiaohui, Xitoy Elchixonasi tomonidan taqdim etilgan maxsus sovg'ani professor Yusuf Abdullayevga topshirdi. Bir so' z bilan aytaganda ushbu tantanali tadbir ikki mamlakat o'rtasidagi o'zaro hurmat va do'stlikning mustahkam ramziga aylandi desak mubolag'a bo'lmaydi.



Mazkur tadbir quvonch va hayajonli lahzalarga boy bo‘ldi. Talabalar tomonidan Xitoy milliy raqslari ijro etilib, “Taiji” jang san’atidan namunalar ko‘rsatildi. Bundan tashqari CIEP talabalari ijrosidagi xitoycha qo‘shiqlar bayram kayfiyatiga o‘zgacha shukuh baxsh etdi.





SIUT Xitoy energetika instituti (CIEP) tomonidan tashkil etilgan tadbirda Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti qoshidagi Konfutsiy instituti hamda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti kabi oliygohlardan mehmon sifatida bir qator professor-o‘qituvchilar va talabalar ham tashrif buyurdilar.


Tadbir so‘nggida CIEP talabalarining “Biz turlichamiz” nomli xor ijrosi tomoshabinlarga birlik va hamjihatlik ramzi bo‘ldi. Ushbu qo‘shiq nafaqat madaniyatlar o‘rtasidagi tenglikni, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni ham ifodaladi.
Bayramda ishtirok etganlar Xitoy madaniyatining go‘zalligi va uning tarixiy ahamiyatini his qilishdi. “Samarkand Lunar Fest” festivali turli madaniyat va an’analarga hurmat va ehtirom namunasi o‘laroq, SIUT professor-o‘qituvchilari, talabalari va barcha mehmonlar uchun unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi. Muxtasar qilib aytganda, Bu kabi madaniy tadbirlar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash va madaniyatlararo aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.