Neft sanoati mutaxassislari uchun: Texnika va tilni birlashtirgan o‘quv qo‘llanma
Bugungi kunda neft sanoati jadal rivojlanmoqda va yangi avlod muhandislariga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Sababi neft sanoati hayotimizning tayanch sohalaridan biri bo‘lib, shaharlarni energiya bilan ta’minlash, transportni harakatlantirish va boshqa ko‘plab sohalarni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutadi. Bu sohaga oid bilimlar nafaqat texnik jarayonlarni o‘z ichiga oladi, balki samarali muloqot qilish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni ham talab etadi.
Aynan shu maqsadda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti Tillar departamenti katta o‘qituvchisi Komila Abdullayeva muallifligida SIUT Ilmiy Kengashi tavsiyasiga binoan muhandislik yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar hamda sohaga oid bilimlarini chuqurlashtirishni istagan muhandislar uchun “Neft sanoati mutaxassislari uchun ingliz tili” nomli o‘quv qo‘llanmasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi huzuridagi “Fan” nashriyoti tomonidan 2024-yilda 200 nusxada chop etildi. Mazkur qo‘llanmani tayyorlashda universitet professorlari, xususan, Muhammad Awad (Kanada) muharrir yordamchisi sifatida ishtirok etgan bo‘lsa, taqrizchilar qatorida Annemarie Basson (Janubiy Afrika), Bradley J. Fitzgerald (AQSh) hamda Tulkun Samukov (O‘zbekiston), o‘z ilmiy tajribalari bilan qo‘llanmani yanada boyitishga hissa qo‘shdilar.

Qo‘llanma neft sanoatiga oid texnik bilimlarni egallash bilan birga, ingliz tilida samarali muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Har bir bob amaliy mashqlar va keys-tahlillar orqali o‘rganuvchilarni sanoatga oid texnik mavzular bilan tanishtiradi. Mavzular orasida o‘lchov texnikasi, moliyaviy hisobotlarni tahlil qilish, jihozlar dizaynida geometriyani qo‘llash va tabiiy gazni o‘lchash kabi asosiy jarayonlar qamrab olinadi. Shu bilan birga, qo‘llanma talabalarga texnik terminologiyani tushunish, grammatika va muloqot ko‘nikmalarini takomillashtirish uchun maxsus mashqlar va topshiriqlar bilan boyitilgan.

Ushbu qo‘llanma sohaga qadam qo‘yayotgan yangi avlod mutaxassislariga nafaqat texnik bilim, balki xalqaro darajada muvaffaqiyatli faoliyat yuritish uchun zarur bo‘lgan ingliz tili ko‘nikmalarini rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Mazkur o‘quv qo‘llanmadan universitet kutubxonasi orqali talabalar va professor-o‘qituvchilar foydalanishlari mumkin. Talabalar mazkur qo‘llanma yordamida nazariy bilimlarni amaliy mashg‘ulotlar va keys-tahlillar orqali mustahkamlash imkoniga ega bo‘ladilar. Shuningdek, kutubxonamizda bu kabi o‘quv qo‘llanmalarni keng ko‘lamda o‘rganish va undan samarali foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berilgan.