Skip to main content

SIUT IRBIS basketbol jamoasi 3x3 basketbol bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionati g‘olibi

2024-yilning 29-dekabr kuni Samarqand shahridagi O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutida “Santa Claus Cup 2024” nomli 3x3 basketbol bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli musobaqada SIUT IRBIS basketbol jamoasi o‘zining a’lo darajadagi o‘yin ko‘rsatkichlari, taktik mahorati, ahillik va jamoaviy ruhni namoyish etib, “U-18+” toifasida chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Turnirda mamlakatimizning turli viloyatlaridan 21 jamoa ishtirok etdi. Musobaqa ikkita toifada – “18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar” va “U-18+” kategoriyalarida tashkil etildi.

basketball 1

Har bir uchrashuv shiddatli va kurashlarga boy tarzda o‘tdi, bu esa jamoalar uchun chinakam sinov bo‘ldi. SIUT IRBIS basketbol jamoasi chempionlik sari murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Guruh bosqichidayoq jamoamiz basketbolchilari yuksak mahoratini namoyish etib, guruhda birinchi o‘rinni egallab, pley-off bosqichiga yo‘l oldi.

basketball 2

basketball 6

Pley-off bosqichi esa yanada hayajonli va murakkab o‘yinlar bilan esda qoldi. Raqiblar yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rgan va g‘alaba qozonishga qat’iy intilgan edi. Ammo SIUT IRBIS jamoasi puxta taktika, kuchli himoya va aniq zarbalari bilan barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozonib, finalga chiqdi.

Hal qiluvchi final uchrashuvida basketbolchilarimiz musobaqaning eng kuchli raqiblaridan biri – “Samarqand U19” jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Final o‘yini hayajonga to‘la lahzalar va yorqin vaziyatlarga boy tarzda o‘tdi. Basketbolchilarimiz o‘zining matonati, g‘alabaga bo‘lgan intilishi va yuqori professional darajasi bilan “Samarqand U19” jamoasini 13:9 hisobida mag‘lub etib, “Santa Claus Cup 2024” chempioni unvonini qo‘lga kiritdi.

basketball 3

basketball 5

Ushbu muvaffaqiyat SIUT IRBIS sport klubi uchun 2024-yilgi faoliyatning yorqin yakuni bo‘ldi. Sportdagi yutuqlar universitetimiz uchun faxr va ilhom manbai bo‘lib, ta’lim jarayonida jismoniy tarbiya ahamiyatini yana bir bor ta’kidladi. Yaqinlashayotgan 2025-yilda ham SIUT IRBIS jamoasi yanada yuksak natijalarni qo‘lga kiritib, sport maydonlarida yangi cho‘qqilarni zabt etishiga ishonamiz.

SIUT IRBIS sport klubini navbatdagi muvaffaqiyati bilan samimiy muborakbod etamiz hamda ularga kelgusidagi sport maydonlarida yangi zafarlar tilab qolamiz!