Skip to main content

Muvaffaqiyatli ekobiznesni qanday yo‘lga qo‘yish mumkin: SIUTda Liliya Bagautdinovadan mahorat darsi

Yurtimizda 2025-yil Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili deb e’lon qilindi. Bu esa barqaror rivojlanish hamda tabiiy resurslarga mas’uliyatli yondashuvni ta’minlashning ahamiyatini yanada oshiradi. Ushbu tashabbus doirasida, Samarqand xalqaro texnologiya universitetida 2024-yil 14-dekabrda WIN trening-markazi tashabbusi bilan universitet “Qizlar davrasi” klubi a’zolari uchun “Flora Samarkand” loyihasi asoschisi Liliya Bagautdinova tomonidan mahorat darsi tashkil etildi.

Tadbirda SIUTning “Qizlar davrasi” klubi a’zolari muvaffaqiyatli biznes-tajriba va ekoloyiha yaratishning amaliy usullari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ishonchimiz komilki, bu kabi mahorat darslari bilimlar va imkoniyatlar ishtirokchilarga o‘z g‘oyalarini hayotga tatbiq etishda muhim bilim va tajriba orttirishga yordam beradi.

Liliya Bagautdinova ekologik va kreativ yondashuv asosida loyihalarni boshqarishning nozik tomonlari haqida so‘zlab berdi, shuningdek, talaba qizlarni turizm va floristika sohasidagi biznes yuritishning amaliy jihatlari bilan tanishtirdi. Ishtirokchilar “Lavanda fermasi” ekoloyihasining nafaqat ekologik toza mahsulot manbai, balki ekoturizm, kreativ tadbirlar va madaniy almashinuv uchun joyga aylangani haqida qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishdilar.

Mahorat darsi davomida mijozlar uchun noyob taassurotlar yaratishda madaniy meros, tabiiy resurslar, an’analar va mahalliy sharoitlarning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Shuningdek, keng auditoriyaga mos zamonaviy xizmatlar yaratishda bu omillarning muvaffaqiyat uchun muhimligini batafsil ko‘rsatib o‘tildi.

flora 1

Mahorat darsi nafaqat ma’rifiy tadbir, balki ishtirokchilar uchun ilhom olish manbaiga aylandi. Liliya Bagautdinovaning tajribasidan ilhomlangan talaba qizlarimiz, o‘z g‘oyalarini nafaqat muvaffaqiyatli loyihalarga aylantirish, balki ular jamiyatga va atrof-muhitga sezilarli foyda keltirishi mumkinligini ta’kidladilar. Har bir biznes g‘oya ijodkorlik, muhabbat va mas’uliyatlik bilan birlashtirilganda, bu loyiha nafaqat iqtisodiy jihatdan muvaffaqiyatli, balki ekologik jihatdan ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

flora 2

“Bu kabi uchrashuvlar bizga tadbirkorlik va ijodkorlikni qanday birlashtirishni, shuningdek, o‘z loyihalarimizni yaratishda qanday yo‘l tutishimizni chuqur anglashga yordam beradi”, — deydi mahorat darsi ishtirokchilaridan biri.

Uchrashuv jonli va qiziqarli munozaralarga boy bo‘ldi,  unda talabalar  startaplarni rivojlantirish, hamkorlarni topish va shaxsiy brendni yaratish haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassisdan batafsil javoblar oldilar. Liliya Bagautdinovaning mahorat darsi ishtirokchilarni o‘z g‘oyalarini hayotga tatbiq etishga ilhomlantirib, muvaffaqiyatga erishish uchun bilim, ijodkorlik va amaliy tajribani uyg‘unlashtirishning naqadar muhimligini yana bir bor ta’kidladi.

flora 3

Tadbirning kulminatsion nuqtasi “Qizlar davrasi” klub faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini tasdiqlash, tadbirlarni rejalashtirish va 2025-yilga mo‘ljallangan asosiy maqsad va vazifalarni belgilash bo‘ldi.

Muhokama yakunida Klub Kengashining raisi va faol a’zolarini tayinlash uchun bir qator nomzodlar ilgari surildi. Nomzodlar orasida Faiza Ikramova (2-kurs, «Dizayn» yo‘nalishi, KITC – klub raisligiga nomzod), Kamilla Abdullayeva (2-kurs, «Axborot texnologiyalari»), Saodat Saleeva (2-kurs, «Issiqlik energetikasi», CIEP) va Nozanin Aslamova (1-kurs, «Raqamli iqtisodiyot», KITC) bo‘ldi. Ular klub faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha o‘z rejalarini taqdim etish barobarida, kelgusi yil uchun ustuvor yo‘nalishlarni ham belgilab berdilar.