SIUT talabalari Rossiyadagi “Qishki universitet” xalqaro talabalar loyihasida ishtirok etdilar
2024-yilning 25-noyabrdan 8-dekabriga qadar Samarqand xalqaro texnologiya universitetining bir guruh talabalari SIUT ijodiy muhandislik markazi rahbari Ulug‘bek Amonov boshchiligida “Qishki universitet” xalqaro ta’lim loyihasida ishtirok etishdi. Muhandislik salohiyatini rivojlantirish va butun dunyodan talabalar va professor-oʻqituvchilar oʻrtasida tajriba almashishga qaratilgan ushbu noyob loyiha bir vaqtning oʻzida Rossiyaning uchta yetakchi oliygohi: Pskov davlat universiteti, Sankt-Peterburg politexnika universiteti va Novgorod davlat universitetida boʻlib oʻtdi.

“Qishki universitet” loyihasi 14 davlatdan 700ga yaqin ishtirokchini birlashtirib, yoshlar uchun innovatsion muhandislik loyihalarini xalqaro jamoalarda amalga oshirish imkoniyatini taqdim etdi.


Loyiha qoidalariga muvofiq, barcha ishtirokchi-talabalardan 20–30 kishilik sakkizta kichik guruhga bo‘lingan holda, jami 25 jamoa shakllantirildi. Ular elektromashinasozlik, robototexnika, elektr texnologiyalari, texnik qurilmalar va uskunalarning diagnostika tizimlari kabi sohalar bo‘yicha loyihalar ustida ishlashdi. “Qishki universitet” tashkilotchilarining ta’kidlashicha, ushbu loyiha yosh muhandislar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Bu loyiha nafaqat bilim olish maydonchasi, balki kelajak uchun yangi g‘oyalar generatori va hamkorlikdagi innovatsion loyihalarning ilhom manbai bo‘ldi.

“Qishki universitet”ning ikki haftalik dasturi amaliy mashg‘ulotlar, mahorat darslari va loyihalar ishlab chiqishni o‘z ichiga oldi. Talabalar yong‘inga qarshi uchuvchisiz dronlar, robotlashtirilgan tozalash tizimlari, shahar muhitini yaxshilashga qaratilgan ekologik yechimlar kabi zamonaviy texnologiyalarni yaratish bilan shug‘ullanishdi. Ushbu loyihalar global muammolarga haqiqiy yechimlar topishga qaratilgan bo‘lib, talabalar uchun bilim va malakalarini amaliyotda qo‘llashda ilhomlantiruvchi tajriba bo‘ldi desak mubolog‘a bo‘lmaydi.
Shuningdek, SIUT talabalari Rossiya universitetlarining muhandislik ta’limiga innovatsion yondashuvining guvohi bo‘lishdi. Dastur davomida Pskov universiteti professorlari tomonidan o‘tkazilgan ma’ruzalar, jamoaviy ishlash, prototip yaratish va loyiha taqdimotlari bo‘yicha mahorat darslari talabalar malakasini oshirish bilan birga, ularning muloqot ko‘nikmalarini ham rivojlantirdi.




Loyiha ta’lim bilan cheklanib qolmay, madaniy dastur bilan ham boyitildi. Talabalar tarixiy Pskov shahri bo‘ylab ekskursiyalarda ishtirok etishdi, Novgorod kremli va Sankt-Peterburgdagi Is’hoqiy soborini ziyorat qilishdi. Bu ularga nafaqat Rossiya tarixi haqidagi bilimlarini boyitish, balki boshqa davlatlardan kelgan ishtirokchilar bilan madaniyatlararo aloqalarni mustahkamlash imkonini ham berdi. Loyiha tashkilotchilarining samimiy mehmondo‘stligi va yuqori darajadagi professionalligi, xususan, SIUT talabalarining har biriga ko‘rsatilgan e’tibor, loyihaning samaradorligini yanada oshirdi.



SIUT ijodiy muhandislik markazi rahbari Ulug‘bek Amonov loyihaning muhimligini ta’kidlab:
“Talabalarimizning bunday yirik loyihalarda ishtirok etishi ularning bilim va ko‘nikmalarini namoyon etish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, ushbu loyiha muhandislik fanlari sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi. Biz SIUTning bunday noyob ta’limiy tadbirlarning bir qismiga aylanganidan faxrlanamiz”, — dedi.
“Qishki universitet” yoshlarni ta’lim va ilm-fan orqali birlashtiruvchi loyiha sifatida o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘ldi. Talabalarimizni ushbu loyihada ishtiroki esa SIUTning xalqaro innovatsiyalar va barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan ta’lim markazi sifatidagi nufuzini yana bir bor isbotladi.