CIEP talabalari “Ipak va Ipak yo‘li: Xanchjoudan Samarqandgacha” ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi
2024-yil 6-dekabr kuni Samarqand davlat tarix va madaniyat muzeyida Xitoy Ipak Muzeyi hamkorligida tashkil etilgan “Ipak va Ipak yo‘li: Xanchjoudan Samarqandgacha” nomli ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu tematik ko‘rgazmalar uchinchi yil o‘tkazilmoqda va joriy yilgi tadbir Tang sulolasi davridagi ipak san’atiga bag‘ishlangan. Ushbu ko‘rgazma Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi san’at va madaniyat sohasidagi qadimiy aloqalarni, shuningdek, Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiyalarining ulug‘vorligi va boy merosini yodga soladi.


Tantanali ochilish marosimida SIUT rektori professor Yusuf Abdullayev, Xitoy Energetika Instituti (CIEP) dekan v.b., professor Wang Xiaohui hamda CIEP xitoy tili o‘qituvchisi Zhang Suhanglar ishtirok etdi. Ochilish marosimida so‘z olgan SIUT rektori ipak nafaqat go‘zallik va mahorat ramzi, balki xalqlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi ko‘prik bo‘lib kelganini alohida qayd etdi. Ta’kidlanganidek, ushbu ko‘rgazma kelajak avlodlar uchun ilhom manbai bo‘lib, madaniyatlararo anglashuv va hamkorlikning ahamiyatini yana bir bor eslatadi.


CIEPning “Issiqlik energetikasi” yo‘nalishi talabalari ko‘rgazmaga tashrif buyurib, tarixiy ildizlarga yaqinlashish va madaniy boyliklarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar. Bu tashrif ularga qadimiy an’analarning zamonaviy ijodga qanday ilhom berishini chuqurroq his qilish va madaniy almashuvning boy merosini anglashda yordam berdi.
Ko‘rgazma to‘rtta tematik bo‘limdan iborat: “Buyuk Ipak yo‘liga madh”, “Tang naqshlari va kashta san’ati”, “Xitoy estetikasi yangi hayotda” hamda “Zamonaviy moda”. San’at ixlosmandlari uchun Tang davriga oid noyob matolar, kiyim-kechaklarning dekorativ elementlari va aksessuarlar namoyish etilmoqda. Shuningdek, innovatsion multimedia yechimlari orqali ko‘rgazma ipakning tarixiy merosini “jonlantiradi” va uning badiiy qiymati hamda bugungi kundagi dolzarbligini ko‘rsatadi.“Ipak va Ipak yo‘li: Xanchjoudan Samarqandgacha” ko‘rgazmasi san’at va merosning namoyishi bo‘lish bilan birga, avlodlarni, madaniyatlarni va xalqlarni birlashtiruvchi madaniy muloqotdir. Ushbu ko‘rgazma bilim va an’analar almashinuvining tarixiy xotirani saqlash hamda kelajak uchun ilhom berishdagi o‘rni naqadar muhim ekanligini yana bir bor yodga soladi. Ekspozitsiya 2025-yil sentyabr oyiga qadar davom etadi va barcha tashrif buyuruvchilarga ipak san’ati tarixining hayratlanarli sayohatiga sho‘ng‘ish imkonini taqdim etadi.